G7: sammitda ko‘tarilgan masalalar, qabul qilingan qarorlar hamda kelajak haqidagi rejalar

Jahon 17:36 / 28.05.2016 14369

Yaponiyaning Mie prefekturasidagi Ise-Sima milliy bog‘ida “Katta yettilik”ka (G7) a'zo mamlakat rahbarlarining navbatdagi sammiti yakunlandi.

Sammitda Yakuniy Bayonnoma qabul qilindi. Unda jahon iqtisodiyotidagi bugungi vaziyat tahlil qilingan. Shuningdek, davlat rahbarlari xalqaro maydonda kuzatilayotgan bir qator muammolarga ham o‘z munosabatlarini bildirishdi. Anjuman yakunida terrorizm va korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga ham e'tibor qaratildi. Kiberxavfsizlikni ta'minlash, sog‘liqni saqlashga ahamiyat berish va infratuzilmalarni rivojlantirish masalalari ham muhokamalar mavzusiga aylandi.

Yaponiya bosh vazirii Shindzo Abe raisligida bo‘lib o‘tgan sammitda AQSh prezidenti Barak Obama, Fransiya prezidenti Fransua Olland, Germaniya kansleri Angela Merkel, Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron, Italiya xukumati raisi Matteo Rentsi va Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ishtirok etdi. Shuningdek, Yevropa kengashi raisi Donald Tusk va Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker ham sammitda qatnashdi.

“Katta yetti”lik sammitiga Indoneziya, Chad, Shri-Lanka prezidentlari, Bangladesh, Vetnam, Laos va Papua Yangi Gvineya bosh vazirlari mehmon sifatida taklif qilindi. Sammitda, shuningdek, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun, Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristin Lagard, Jahon Banki prezidenti Jim Yen Kim, Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik tashkiloti rahbari Anxel Gurria va Osiyo Taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao ham ishtirok etdi. Ular bilan muloqotlar bugun kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abe yakuniy matbuot anjumani o‘tkazdi.

Tahlilchilarning fikricha, sammitning yakuniy bayonnomasi tashqi ishlar vazirlarining Hiroshimada bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ishlab chiqilgan hujjatga asoslanadi. Bayonomada “Katta yettilik” rahbarlari Rossiyaga nisbatan jazo choralari uzaytirilishi mumkinligini ta'kidlashar ekan, muloqotlar jarayoni davom etishi lozimligini qayd qildilar. Sammit ishtirokchilari xalqaro muammolarni hal qilishga Rossiyani ham jalb qilish zarurligini bildirishdi. Hujjatda Koreya yarim orolidagi vaziyat ham o‘z aksini topgan. Yaponiya tomoni navigatsiya xavfsizligini ta'minlashga alohida ahamiyat qaratdi. Bayonomada muhojirlik bilan bog‘liq inqirozga ham katta o‘rin ajratilgan. Ishtirokchilar muhojir va qochqinlar oqimi global chaqiriq ekanligini va unga qarshi keskin choralar ko‘rilishi lozimligini ta'kidlashdi. Shuningdek, yadroviy qurolsizlanish va BMTni isloh qilish masalalariga ham e'tibor qaratilgan. “Katta yettilik” rahbarlari BMT tuzilmalari isloh qilinishi muhimligini ta'kidladilar. Ular shuningdek, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqiga a'zoligi borasida 23 iyunda o‘tkaziladigan referendumga ham fikr bildirishdi. Sammit ishtirokchilari Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi jahon iqtisodiyoti rivojiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi haqida ta'kidlashdi. Yaqin Sharq muammosini hal qilish masalasida iyun oyida Parijda o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuvga yuqori baho berildi.

“Katta yettilik” rahbarlari jahon iqtisodiyotini rivojlantirishga birgalikda harakat qilish lozimligini ta'kidlab o‘tishdi. Bu kabi chora-tadbirlar “Ise-Sime sammiti tashabbusi” deb nomlandi. Tomonlar global inqirozlarni bartaraf etishda keng qamrovli iqtisodiy islohatlar o‘tkazilishi kerakligini qayd qilishdi. Bundan avval Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abe o‘z hamkasblarini 2008 yilda boshlangan moliyaviy inqirozlar qamrovi yana takrorlanishidan ogohlantirgan edi. “Biz yangi inqiroz xavfi bilan to‘qnash kelayapmiz. Rivojlanayotgan iqtisod osmonida qora bulutlar ko‘rinmoqda”, dedi bosh vazir.

Sammit ishtirokchilari moliyaviy terrorizmga qarshi kurash lozimligini va madaniy meros inshootlari ekstremistlardan muhofaza qilinishi kerakligini ta'kidlashdi. Anjumanda terrorizmga qarshi kurash rejasi qabul qilindi. Harakatlar ro‘yxatini uchga bo‘lish mumkin. Unda “Katta yettilik” mamlakatlarining tegishli muassasalari axborotlarni almashishlari lozimligi ta'kidlanadi. Shuningdek, mamlakatlar chegaralar ustidan nazorat masalasida hamkorlikni mustahkamlashlari ko‘rsatib o‘tilgan. Qabul qilingan hujjatga qo‘shimcha sifatida korrupsiyaga qarshi kurash rejasi ham bor. Kelishilgan ahdlashuvlarga ko‘ra, tomonlar moliyaviy oqimlarning shaffofliligini ta'minlashlari va soliqlardan bo‘yin tovlovchilarga qarshi ayovsiz kurash olib borishlari kerak.

“Katta yettilik” sammitining ikkinchi ish kunida iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq masala muhokama qilindi. “Katta yettilik” rahbarlari Yaponiyaning Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorligi va erkin savdo hududini yaratish borasidagi masalani tezlashtirish zarurati borasida kelishib olishdi. Sammit ishtirokchilari kvotalar bo‘yicha Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘tkazadigan islohotlar kuchga kirishini qo‘llab-quvvatlashdi.

Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abe “Katta yettilik” sammiti ishtirokchilariga o‘zi boshqariladigan avtomobilni namoyish qildi. Ayrim rahbarlar 2020 yilda bo‘lib o‘tadigan olimpiadada ishlatiladigan avtomobilda sayr qilishni afzal ko‘rdi.

Yaponiya ommaviy axborot vositalarida bosilgan xabarlarga ko‘ra sammit xavfsizligini ta'minlashga 100 mingga yaqin politsiya xodimi jalb qilindi. Asosiy kuchlar Ise-Simedagi inshootlar va qo‘shni Aiti prefekturasidagi Tyubu aeroporti xavfsizligini ta'minlashga tashlandi. Uchrashuvlar Kasiko orolidagi mehmonxonada bo‘lib o‘tdi.

“Katta yettilik”ka raislik Italiyaga o‘tdi. Navbatdagi sammit 2017 yil 26-27 mayida Italiyaning Taormine shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu shahar Sitsiliyada joylashgan. Avvalroq navbatdagi sammit Florentsiyada o‘tishi aytilgan edi.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: