Fransiya kasaba uyushmalar harakati Force ouvriere mamlakatda o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha 2016 yilgi Yevropa chempionati o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilmoqchi. Bu haqda transportchilar vakili Patrik Klos ma'lum qildi.
"O‘yin kunlari chempionat o‘tkaziladigan har bir shaharda ish tashlashlar tashkil qilmoqchimiz", deb aytdi Klos Reuters axborot agentligiga.
Uning aytishicha, ish tashlashlar yuk tashishlar, jamoatchilik transporti, tez yordam mashinalari va chiqindilarni yig‘uvchi transport vositalariga taalluqli bo‘ladi.
Kasaba uyushmalar bu qarorlarini Fransiyada muhokama qilinayotgan va noroziliklar keltirib chiqargan yangi mehnat kodeksi bilan tushuntirmoqdalar. Yangi qonun ish beruvchilarga xodimlarni ishdan bo‘shatish jarayonini yengillashtiradi va ish vaqtini haq to‘lamasdan oshirishga imkon beradi.
Eslatib o‘tamiz, chempionat 10 iyundan 10 iyulgacha o‘tkaziladi.