Erdo‘g‘an AQShni Suriyalik kurdlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tanqid qildi

Jahon 22:23 / 28.05.2016 7220

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Vashingtonni ba'zi amerikalik harbiylar Suriya hududida kurd Xalq mudofaasi otryadlari (YPG) nashivkasiga ega uniformada ko‘ringani uchun tanqid qildi. Bu haqda Associated Press xabar berdi

"Biz bilan do‘st bo‘lganlar, NATOda birga bo‘lganlar, YPG ramziga ega o‘z soldatlarini Suriyaga yuborishi kerak emas", deb aytdi Erdo‘g‘an. 

Shunga o‘xshash fikrni 27 may kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lu aytgandi. U amerikalik maxsus vazifalarni bajaruvchi harbiylarni YPG ramziga ega kiyimdagi surati paydo bo‘lganiga izoh berib, AQShni ikkiyuzlamachilik va ikkilik standartlaridan foydalanishda ayblagandi. 

Pentagon bunga javoban, amerikalik maxsus kuchlar operatsiyalar vaqtida shunday tarzda  niqoblanishlarini aytgan. "Ular ba'zi hududlarda harakat qilganlarida, o‘z himoyalari, o‘z xavfsizliklarini oshirish maqsadida payqalmaslik uchun qo‘llaridan kelgan barcha yo‘llardan foydalanadilar", deb aytdi AQSh mudofaa vazirligi matbuot kotibi Piter Kuk. 

Turkiya anchadan beri AQShni Suriya va Iroqdagi kurd ayirmachilariga nisbatan siyosati uchun tanqid qilib keladi. Anqaraning aytishicha, bu guruhlarning barchasi Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) bilan bog‘langan. KIP esa Turkiyada terrorchilik guruhi deb tan olingan. AQSh IShIDga qarshi kurashda kurd tuzilmalari bilan faol hamkorlik qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: