Ekspertlar Zika virusi sabab Olimpiada o‘tkaziladigan mamlakatni o‘zgartirishni so‘rab JSSTga rasmiy murojaatnoma yo‘llashdi

Jahon 14:38 / 28.05.2016 3039

Sog‘liqni saqlash sohasidagi 150 nafardan ortiq ekspertlar  Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) Zika virusi epidemiyasi munosabati bilan Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan yozgi Olimpiadani boshqa yerga o‘tkazish yoki bekor qilishni tavsiya qilib ochiq xat yo‘llashdi.

Rasmiy murojaatnomada ular Olimpiya o‘yinlariga dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyuradigan yarim million mehmonning sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymaslikka chaqirishdi. Ekspertlar virusning shu tariqa butun sayyoraga tarqalishi mumkinligidan cho‘chishmoqda,ayniqsa - Osiyo va Afrikada. 

Ular Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Zika virusi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha yo‘llanma beruvchi mustaqil ekspert komissiyasini tuzish zarur deb hisoblashmoqda. Xatni 29ta mamlakatning sog‘liqni saqlash idoralari va universitetlarining 151 nafar mutaxassisi imzoladi. Ushbu murojaatnoma matni Kanada, Amerika hamda Shveytsariya olimlari tomonidan tuzilgan.

JSST esa jamoatchilik sog‘lig‘iga hech qanday xavf yo‘qligini bildirib, bu murojaatnomaga ijobiy javob qaytarmadi. Olimpiadani ko‘chirish yoki bekor qilish qarori Zika virusining xalqaro miqyosda tarqalishiga ta'sir qilmaydi, chunki Braziliya chivinlar orqali Zika virusi yuqqanligi qayd etilgan 60ta mamlakatdan biri, deyiladi tashkilot javobida. JSST chivin chaqishiga e'tiborli bo‘lishni hamda homilador ayollarga O‘yinlarga kelmaslik kabi maslahatlarni berishdi. 
Olimpiya o‘yinlari 5 avgustdan 21 avgustga qadar Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: