Polsha milliy terma jamoasi va Myunxenning "Bavariya" klubi hujumchisi Robert Levandovski Madridning "Real" jamoasiga o‘tish borasida muzokaralar olib boryapti. Bu haqda, Spiegel jurnaliga 27-yoshli o‘yinchining agenti Tsezariy Kuxarski ma'lum qilgan.
"Madridning "Real" klubi bir necha hafta avval biz bilan bog‘landi va shundan so‘ng, bir necha marta uchrashdik, - degan Kuxarski. - Bu buyuk jamoa. Biz "Bavariya"ni "Real" bilan muzokaralar o‘tkazganimizdan ogohlantirganmiz".
Levandovski 2014 yili Dortmundning "Borussiya" jamoasidan "Bavariya"ga o‘tgan edi. U, Myunxen jamoasida ikki karra Germaniya chempioni va Germaniya kubogi sohibi bo‘lgan.
Bundan tashqari, 2 karra eng yaxshi hujumchi, 2015 yili Polshaning "eng yaxshi sportchisi" unvoniga sazovor bo‘lgandi.
2015/16 yilgi mavsumda Levandovski futbol bo‘yicha Germaniya chempionatining 32 ta o‘yinida maydonga tushib, 30ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.