Saudiya Arabistoni TIV: Biz neftga yuqori narx belgilovchi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlamaymiz

Jahon 14:54 / 27.05.2016 4434

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr RT'ga bergan eksklyuziv intervyusida rasmiy Ar-Riyodning neft bozoridagi maqsadlari hamda kimni qo‘llab-quvvatlashi haqida so‘zlab berdi. 

Diplomat Rossiya Federatsiyasi va Saudiya Arabistonining energetika sohasidagi hamkorlik loyihalari hamda qirolning Moskvaga tashrifi bo‘yicha pozitsiyasi to‘g‘risida ma'lumot berdi. 

Vazir Saudiya Arabistoniga qo‘yilgan ayblov - mamlakat neft narxini beqarorlashtirib, siyosiy raqiblariga ta'sir o‘tkazmoqchiligini inkor qildi. Odil al-Jubayr bunday mish-mishlarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. Uning fikricha, bunday mulohazalar fitna hisoblanadi. Saudiya Arabistoni neft muammosini siyosiylashtirmaydi. 

"Saudiya Arabistoni neft mavzusiga faqat iqtisodiy pozitsiyadan kelib chiqib yondashadi. Bozor talab va taklifga qaramay neft bahosini belgilaydi. Saudiya Arabistonining maqsadi - bozordagi ulushini saqlab qolish va neftga yuqori baho belgilovchi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlamaslik", - dedi Saudiya Arabistoni tashqi siyosiy idorasi rahbari mamlakat pozitsiyasiga izoh berar ekan.  

Shu bilan birga Odil al-Jubayr Saudiya va Rossiyaning hamkorlikdagi investitsiya fondi haqida so‘z yuritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fond 10 milliard dollar ustav kapitaliga asoslangan. Mazkur fond Rossiya va Saudiya Arabistoni loyihalariga investitsiya kiritishga yo‘naltirilgan. 

"Rossiyaning qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarida saudiya investitsiyasi masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Konsultatsiyalar o‘tkazilmoqda hamda energetika sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Ilm-fan, kosmosni o‘rganish sohasida hamkorlik qilinmoqda. Biz Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar yaqin kunlarda yangicha tus olishiga umid qilamiz", - dedi TIV rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: