Yuqorichirchiq tuman hokimligidan ro‘yxatdan o‘tib, “Imkon Inter Biznes” korxonasini tashkil qilgan Uchqun Islomov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq, Quyichirchiq, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka hamda Piskent tumanlari aholisiga imtiyozli narxlarda ko‘mir yetkazib berish uchun “O‘zbekko‘mir” OAJ bilan shartnoma imzolaydi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
2012 yilda tuzilgan shartnomaga muvofiq, “Imkon Inter Biznes” korxonasi mutasaddilari “O‘zbekko‘mir” OAJdan 2014 yilgacha 3 mlrd. 392 mln. 457 ming so‘mlik ko‘mirni imtiyozli narxda sotib olishadi-yu, shartnomada ko‘rsatilgan hududlardagi aholiga yetkazib berishni xayollariga ham keltirishmaydi. Barcha mahsulotlar tergovda shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan noma'lum shaxslarga sotib yuboriladi. “O‘zbekko‘mir” OAJga topshirilgan hisobotlar esa soxtalashtirilib, barcha mahsulotlar imtiyozli narxlarda sotilgan qilib ko‘rsatiladi.
Korxona faoliyati davomida U.Islomov jinoiy sherigi To‘lqin Eshmatov bilan sotuvdan tushgan naqd pullarni bank muassasasiga topshirmagani ham ma'lum bo‘ldi. Bu kimsalar 1 mlrd. 809 mln. 502 ming so‘m naqd pulni bankka kirim qilmasdan, o‘z manfaatlari uchun sovurib yuborganliklari aniqlandi.
U.Islomov hamda T.Eshmatovga ham sudning hukmi bilan tegishli jazo tayinlandi.