Ajman politsiyasi osiyolik yosh yigitni politsiya xodimlariga tegishli oltita transport vositasining deraza oynalarini sindirgani bois qo‘lga oldi, u o‘z mamlakatiga deportatsiya qilinishni xohlagan.
Ajman politsiyasining boshlig‘i polkovnik Abdulaziz ibn Ali Ash-Shamsiyning aytishicha, politsiya mashina yuvuvchilar orqali bu voqeadan xabar topgan, ular Ajman politsiya idorasiga tegishli avtomobillar turargohida bo‘lgan.
Politsiya xodimlari zudlik bilan yetib kelib, 19 yoshli gumondor shaxsni qo‘lga olishgan. U avtomobillarning orqa oynalarini tosh otib sindirganlikda ayblangan.
Aybdor politsiya xodimlariga tegishli Kia Rio, Nissan Patrol, Lexus va Chevrolet rusumli avtomobillariga ziyon yetkazgan.
BAAga bir oy avval kelgan yigit elektronika kompaniyasida elektr ta'mirlovchi sifatida ishlagan.
Ayblanuvchi shaxs politsiyada o‘z uyiga deportatsiya qilinish maqsadida jinoyatga qo‘l urganini tan oldi.
Ayblanuvchining ish boshqaruvchisi politsiyaga uning ruhiy xasta ekani va bir necha kundan beri ishga kelmaganini ma'lum qildi. "U bilan ishlash va xulq-atvorini nazorat qilish qiyin", - dedi ish boshqaruvchi.
Politsiya uning ishini prokuraturaga uzatib, psixiatrda davolashni taklif qildi.
Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.