Prezident qaroriga ko‘ra 2016/2017 o‘quv yili uchun qabul kvotalari tasdiqlandi

O‘zbekiston 20:14 / 26.05.2016 84817

Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va mintaqalarida talab etiladigan ixtisosliklar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni sifatli tayyorlashni ta'minlash, oliy ta'lim muassasalariga qabul qilishda ish beruvchilarning oliy ma'lumotli mutaxassislarga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini, shuningdek, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgartirishlarning maqsadli o‘rta muddatli dasturlarini amalga oshirish, tarmoqlarni modernizatsiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiyalashni, mamlakat mintaqalarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni hisobga olgan holda o‘zaro bog‘liqligi va mutanosibligini kuchaytirish maqsadida:

1. Ma'lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi, o‘z tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, aksiyadorlik kompaniyalari, xo‘jalik birlashmalari va korxonalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ishtirokida:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 23 iyundagi “Respublika oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish parametrlarini shakllantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2360-sonli qaroriga muvofiq oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish parametrlari va yangi qurilayotgan korxonalarning hududiy joylashuvi, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlar bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiyalash, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish omillarini tahlil qilishni hisobga olgan holda oliy o‘quv yurtlarining bitiruvchilariga nisbatan ish beruvchilarning talab-ehtiyoji balans hisob-kitoblari ishlab chiqildi;

iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarining oliy ma'lumotli mutaxassislar bilan amalda ta'minlanganligini ekspertizadan o‘tkazib baholash natijalariga ko‘ra bakalavriat tayyorlashning 18 ta yangi mutaxassisligi joriy etilishini nazarda tutuvchi oliy ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari ro‘yxatiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi;

oliy o‘quv yurtlarining aniq yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo‘ljallangan talab-ehtiyojga, shuningdek, bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashuvi monitoringi asosida 2016/2017 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalari shakllantirildi. 

2. 2016/2017 o‘quv yili uchun:

bakalavrlarni 57907 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 19120 va to‘lov-kontrakt asosida – 38787 nafar miqdorida 1-ilovaga muvofiq;

magistrlarni 5000 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 1548 va to‘lov-kontrakt asosida – 3452 nafar miqdorida 2-ilovaga muvofiq;

Toshkent kimyo-texnologiya instituti (Qo‘ng‘irot bo‘limi)ning maxsus sirtqi bo‘limida bakalavrlarni tayyorlash davlat grantlari bo‘yicha 65 nafar va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida – 50 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 15 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 35 nafar qabul qilish umumiy kvotalari 3-ilovaga muvofiq belgilansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasining 2016/2017 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialiga o‘qishga qabul qilishni to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi yetakchi universitetlar va oliy o‘quv yurtlari bilan qalin hamkorlik doirasida keng ko‘lamda ishtirok etgan holda 2016/2017 o‘quv yili boshlangunga qadar barcha o‘quv rejalari va dasturlari tubdan qayta ishlab chiqilishini nihoyasiga yetkazishni ta'minlasin, fanlarni o‘qitishning eskirgan, umrini o‘tab bo‘lgan yondashuv va uslublaridan batamom voz kechishni, bakalavriat va magistraturada jahon fani va ilg‘or pedagogik texnologiyalarning zamonaviy yutuqlariga asoslangan yangi o‘quv rejalari va dasturlarini joriy etishni, shuningdek, ta'lim jarayonida ularni amalga oshirish hamda oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish uchun birinchi navbatda fundamental va texnik mutaxassisliklar bo‘yicha yetakchi xorijiy olimlar va o‘qituvchilarni jalb etishni nazarda tutsin;

oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari faoliyatiga baho berishda va moddiy rag‘batlantirishda ularning xorijiy tillarni qay darajada egallaganligiga hamda zamonaviy pedagogik, multimedia va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayonida qo‘llay olish saviyasiga ahamiyat bersin;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 12 iyundagi PF-4732-sonli Farmoniga binoan tashkil qilingan mamlakat oliy o‘quv yurtlarining 15 ta tayanch markazlarida oliy ta'lim muassasalarining rahbar va professor-o‘qituvchilar tarkibini yangi o‘quv dasturlari va ta'lim uslublari bo‘yicha qayta tayyorlash va malakasini oshirishni 2016 yilning 
1 iyulidan tashkil qilishni ta'minlasin, shu maqsadda chet ellardagi yetakchi oliy ta'lim muassasalarining olimlari va professorlarini keng jalb qilsin.

5. 2016/2017 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Davlat komissiyasi)ning tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat komissiyasiga bakalavriat tayyorlashning yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ta'lim muassasalariga kirish chog‘ida abituriyentlar to‘plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda bakalavriat va magistraturaga qabul qilishning belgilangan umumiy kvotalari doirasida oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish parametrlariga o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.

6. O‘z tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda bir hafta muddatda o‘zlariga qarashli oliy ta'lim muassasalari doirasida bakalavriat va magistratura bo‘yicha davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘rinlar kvotasini ta'lim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Xalq ta'limi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda:

Oliy ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar klassifikatoriga yangi kiritilayotgan bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritsin;

shu yilning 1 avgustiga qadar yangi kiritilayotgan bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2016/2017 o‘quv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga qabul qilish bo‘yicha belgilangan kvotalarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan zarur mablag‘lar ajratilishini ta'minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi o‘z tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda:

bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

o‘zlarining idoraviy me'yoriy-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.KARIMOV

Toshkent shahri, 2016 yil 26 may

Ko‘proq yangiliklar: