Shri Lanka hukumati, orol davlatda hukm surgan kuchli yog‘ingarchiliklar poyoniga yetgach, minglab boshpanasiz qolgan kishilarni joylashtirish bilan band bo‘lsa, qutqaruvchilar yer ko‘chkilarida qolib ketganlarni qidirish ishlarini davom ettirmoqda.
Mamlakat tabiiy ofatlarga qarshi kurash markazining ma'lumotlariga ko‘ra, bir necha kun davomida to‘xtovsiz yoqqan yomg‘irlar oqibatida kamida 101 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Qariyb 112 ming kishi vaqtinchalik boshpanalarda kun kechirmoqda.
Shri Lanka Qizil Xoch jamiyatining ma'lum qilishicha, ikkita yer ko‘chkisidan 47 kishining jasadi olib chiqilgan, yana 180dan ortiq insonning taqdiri noma'lumligicha qolyapti.
Qutqaruvchilar, aholi turar joylariga yopirilgan tosh aralash loyqa orasidan o‘nlab odamlarni qidirmoqda. Shunga ko‘ra, tabiiy ofat qurbonlari soni oshishi mumkinligi xabar qilinmoqda.
CNN meteorologiya xizmatiga ko‘ra, Shri Lanka mintaqadagi yomg‘ir mavsumi boshlanishidan bir necha hafta muqaddam, yog‘ingarchiliklar bilan bog‘liq jiddiy sinovni boshidan kechirmoqda.
Hindiston, Avstraliya, Yaponiya va Nepal kabi davlatlar mamlakatga ichimlik suvi, suvni tozalovchi tabletkalar va yopinchiqlar singari insonparvarlik yordamlarini yuborgan.