“Poytaxt” biznes markazi yonidagi bekatda o‘yib qo‘yilgan chuqurlikka 9 yashar bolakay tushib ketishiga bir baxya qoldi

Jamiyat 11:44 / 25.05.2016 8884

Ish vaqti tugaganidan so‘ng uyga qaytayotib, har galgidek bekatda uyimga olib boruvchi marshrutni kuta boshladim. Meni uyga olib boruvchi marshrut to‘xtaydigan joy “Mustaqillik” maydoni, “Poytaxt” nomli baland biznes markazi imorati yonida joylashgan.  Hozir men to‘xtalmoqchi bo‘lgan mavzu siz suratda ko‘rib turgan, mana bu chuqurlik to‘g‘risida...

Soat 19:40 lar chamasi bekatga kelib to‘xtagan avtobusga yo‘lovchilar chiqib oldi. Suratda yuzi to‘silgan bolakay esa uyiga olib boruvchi avtobusni kutib,  ushbu bekatda birinchi marotaba turgan bo‘lsa kerak, haydovchidan  bormoqchi bo‘lgan manzili tomondan avtobusning o‘tishi o‘tmasligini so‘rab qaytgach, hayol bilan bekatdagi chuqurlikka orqa o‘girib kelayotib unga tushib ketishiga bir bahya qoldi.  Yaxshiyamki, o‘z vaqtida o‘girilgani, aks holda jussasi kichkina, ozg‘indan kelgan bola chuqurlikka tushib ketgan, uyoq buyog‘i lat yeyishi mumkin edi... 

Bola qoqilib ketmaganidan xursand bo‘lib, o‘rindiqqa borib o‘tirgach bir zum chuqurlikka qarab o‘ylanib qoldi...  

Achinarlisi, ushbu holat birinchi marotaba takrorlanayotgani yo‘q. Ochig‘i, o‘zim ham bir marotaba shu chuqurlikka tushib ketishimga bir bahya qolgan. Har gal ish vaqti tugaganidan so‘ng uyga qaytayotib, chuqurlikka termilib qolaman. Nima maqsadda o‘yib qo‘yilgan o‘zi? Nahotki atrofini temir tersak bilan berkitish yoki temir panjara bilan yopib qo‘yishning iloji bo‘lmasa? Tasavvur qiling, to‘rt besh yashar bola shu chuqurlikka tushib ketsa yoki yoshi ulug‘ biror qariya qoqilib ketsa... sho‘rlikning  biror a'zosi lat yemay qolishiga kim kafolat beradi?  Qaysidir maqsadda olib tashlangan chuqurlik yuzidagi panjara nega avvalgi holidek berkitib qo‘yilmadi? 

Ushbu savollar bilan Toshkent shahar yo‘l qurilish va ta'mirlash xizmati idorasiga sim qoqdim. Qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qolgach,  Toshkent shahar yo‘l qurilishi boshqarmasida faoliyat yuritib kelayotgan, lavozimini sir tutgan T.Aliyev ismli shaxs biz nazarda tutayotgan chuqurlik aynan qayerda joylashganini so‘rab bilib oldi va tuman yo‘lni ta'mirlash xizmati bilan shug‘ullanuvchi yigitlarga aytib qo‘yishini, bu masala o‘z vaqtida hal bo‘lishiga va'da berdi. 

Demak, natijasini kutamiz. 

Zero, soha mutaxassislari bir oz o‘z ishiga ma'suliyatliroq bo‘lishsa, o‘ylaymizki, bu bilan ko‘rinishidan kichikdek tuyulayotgan masalaning katta yoqimsiz holatga aylanishining oldi olingan bo‘lardi...

Mohichehra Eshmirzayeva

Ko‘proq yangiliklar: