Xitoy Sudanda ilk atom reaktorini barpo etadi

Jahon 10:37 / 25.05.2016 3314

Xitoy davlat yadro korporatsiyasi (China National Nuclear Corp, CNNC) Sudan Respublikasi suv zahiralari va elektrlashtirish vazirligi bilan, ushbu mamlakatda quvvati 600 megavattlik atom reaktorini qurish bo‘yicha ikkita kelishuvni imzoladi. China Daily gazetasining yozishicha, CNNC, shuningdek, Sudan hukumatiga mamlakat atom energetikasini rivojlantirish rejasini ishlab chiqishda ko‘mak ham beradi. 

Tomonlar reaktor turi, shartnoma qiymati hamda uning foydalanishga topshirilish muddatiga oydinlik kiritishmagan bo‘lsa-da, ekspertlarning fikricha, bu Xitoy tomonidan ishlab chiqilgan uchinchi avlod Hualong One atom reaktori bo‘ladi. 

"Har holda, ushbu reaktor tanlangan bo‘lishi kerak. Xitoy mazkur texnologiyaning mamlakat ichkarisida ham, xorijda ham keng tarqalishiga erishmoqchi", - deb o‘z taxminlari bilan o‘rtoqlashgan, XXR tabiatni muhofaza qilish vazirligi qoshidagi Yadro va radiatsiya xavfsizligi markazi bosh muhandisi Chay Goxan.

CNNC rahbari Sun Tsinning ma'lum qilishicha, Xitoy korporatsiyasi 2030 yilgacha dunyoning turli mamlakatlarida 30ta atom energiya blokini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bular "Ipak yo‘li iqtisodiy bog‘ichi" strategik dasturi doirasida amalga oshiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, CNNC Argentina, Braziliya, Misr, Buyuk Britaniya, Fransiya va Iordaniya kabi davlatlar bilan kelishuvlarga erishgan.

CNNC rahbarining qayd etishicha, bugungi kunda jahonning 70dan ortiq mamlakati yadro energetikasini rivojlantirmoqda. 2020 yilga kelib, ushbu davlatlarda 130dan ortiq AESning yadroviy energetika bloki qurilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 

Xitoyning o‘zida 28 GVt quvvatga ega 30ta atom energiya bloki mavjud bo‘lib, yana 24tasida qurilish ishlari olib borilmoqda.

 

Ko‘proq yangiliklar: