Ekvador prezidenti Rafael Korrea, davlat rahbarligi uchun kelasi yili bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida nomzodini qo‘ymasligini tasdiqladi. U 24 may kuni millatga an'anaviy murojaatida shunday bayonot bergan.
"Kelasi yili, mana bu minbarda boshqa prezident turadi. Men bugun xalqimga, oxirgi marta prezident sifatida murojaat qilyapman", - deya Korrea so‘zlaridan iqtibos keltirgan mahalliy Universo gazetasi.
"Mamlakat mendan charchagan. Men ham, to‘g‘risini aytganda, mamlakatdan dam olishim kerak. Ekvadorni boshqarish oson ish emas", - deb qo‘shimcha qilgan davlat rahbari.
Korreaning uchinchi prezidentlik mandati kelasi yil may oyida poyoniga yetadi. Ekvadorning avvalgi Konstitutsiyasiga ko‘ra, davlat rahbari qatorasiga ikki martadan ko‘p saylana olmas edi. O‘tgan yilning dekabr oyida esa, mazkur cheklovlarni bekor qiluvchi tuzatishlar kiritilgandi. Ammo bu qoida 2017 yildan keyingi saylovlarda g‘olib chiqqan prezidentlar uchun amal qilishi belgilab qo‘yilgan.
Biroq ba'zi hukumatparast jamoat tashkilotlari, amaldagi prezidentga ham qayta saylanishga ruxsat berishni talab qilishmoqda. Ular shu maqsadda, imzo to‘plash ishini olib borishyapti.
Shu munosabat bilan, ayrim OAVda, Korrea to‘rtinchi marotaba o‘z nomzodini qo‘yishga urinishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Ekvador yetakchisi esa, bunday mish-mishlarni bir necha bor rad etgandi.
Kunning eng asosiy va qiziq xabarlaridan tezkor ravishda xabardor bo‘lish uchun «Kun.uz»ning Telegram’dagi kanaliga a'zo bo‘ling.