«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Lui van Gaal iste'foga chiqarilganidan keyingi fikrlarini bildirib o‘tdi. Uning so‘zlari jamoa rasmiy saytida keltirilgan.
«Men uchun «Manchester Yunayted»dek buyuk klubni boshqarish bir sharaf bo‘ldi. Men azaliy orzuimni ro‘yobga chiqardim.
Men faxrlanishim mumkinki, jamoaga 12-Angliya kubogini qo‘lga kiritishida yordam berdim. Bu o‘zimning murabbiylik faoliyatimdagi 20-sovrin bo‘ldi. Ammo uzoq tarixga ega bo‘lgan Angliya Kubogi yutuqlarim orasida eng muhimlaridan biri bo‘lib qoladi.
Men juda xafaman, 3 yillik rejani amalga oshira olmadim, hafsalam pir bo‘ldi. Lekin ishonchim komilki, men o‘rnatgan poydevor klubning yanada rivojlanishiga va ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritishda yordam beradi.
Niderlandiya, Ispaniya va Germaniyada faoliyat ko‘rsatganimda, hamisha Angliyada ishlashni va ingliz madaniyati bilan tanishishni orzu qilardim. Bu ikki istagim ham bajo bo‘ldi, bu esa ajoyib.
Men barcha futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman va ularga yangi mavsumda muvaffaqiyatlar tilayman. Ular bilan birga ishlash davomida maroqli onlarni boshdan kechirdik. Ko‘p yosh futbolchilar berilgan imkoniyatdan foydalanib, o‘zlarini ko‘rsata olishgani yoqimli. Bu futbolchilarning yangi mavsumdagi o‘yinlarini kuzatib boraman.
«Manchester Yunayted» rahbariyati va xo‘jayinlariga minnatdorchilik ushbu klubda ishlash uchun berilgan imkoniyat uchun bildiraman.
Klubning har bir xodimi — ilmiy-sport guruhi, tibbiyot shtabi, kir yuvish va formalarga javobgar shaxslar, klub ma'muriyati, matbuot xizmati boshlig‘i, menejyerlar jamoasi, akademiya xodimlari, futbol maydon mutaxassislari, oziq-oqvat ta'minoti, «Old Trafford» stadioni va klubning Kerringtondagi bazasiga, meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman. 25 yil davomida hech bir jamoada meni bunday qo‘llab-quvvatlashmagan edi.
Shuningdek, «MYu»ning ajoyib ishqibozlariga minnatdorchilik bildiraman. Ular haqiqatan ham dunyodagi eng yaxshi muxlislar.
Yana shuni aytishim kerakki, men ser Aleks Fergyuson va ser Bobbi Charltonga men va mening oilam Manchesterdagi faoliyatim vaqtida bu shaharda o‘zimizni uydagidek his qilishimizda yordam berishgani uchun minnatdorchilik bildirishni istayman», – deydi Lui van Gaal.