Jismoniy mashqlar saraton kelib chiqishining oldini oladimi?
Ikkita yirik doirali tadqiqot bu savolga tasdiqlovchi javob qaytardi. Olingan yangi ma'lumotlar ko‘pchilikni sport bilan shug‘ullanishga ruhlantiradi, sayyoramizdagi aholining uchdan bir qismi kam harakat hayot tarzini olib borishini hisobga olsak, bu juda yaxshi.
Bundan avvalgi tadqiqotlar jismoniy mashqlarning sut bezlari, yo‘g‘on ichak va endometriy saratoni xavfini 10-40 foizga kamaytirishini tasdiqlagan. Yangi izlanishda 19 yoshdan 98 yoshgacha bo‘lgan 1,4 million nafar kishining turmush tarzi va sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma'lumotlar tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish yana 10 turdagi saratonning paydo bo‘lishini oldini oladi. Ularning orasidan qizilo‘ngach, oshqozon, siydik pufagi va buyrak saratonlari o‘rin olgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, sport bilan shug‘ullanuvchi kishilarda qizilo‘ngach saratonining rivojlanish xavfi kamharakat turmush tarzini olib boruvchilarga nisbatan 42 foizga kam. Qolgan turlarida ham saraton paydo bo‘lish xavfi 20 va undan ortiq foizga kamaygan. Shimoliy Karolina universiteti qoshidagi Gillings nomidagi ijtimoiy sog‘liqni saqlash maktabi epidemiologi - doktor Marilia Gammon haftasiga atigi to‘rt soatini jismoniy mashqlarga ajratgan har bir inson bunday natijaga erishishi mumkinligini ta'kidladi - bu yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish uchun standart maslahat. Uning fikricha, liftdan voz kechib, zinadan foydalanishning o‘zidayoq inson sezilarli natijaga erishishi mumkin.
Shunday ekan, har kimning sog‘lig‘i o‘z qo‘lida - buning uchun biroz irodani namoyish etish talab etiladi.