Yaponiya hukumati O‘zbekistonga "Navoiy viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining jihozlanishini yaxshilash" loyihasini amalga oshirish uchun 686 mln yyen (5,6 mln dollar) miqdorida grant taqdim qiladi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi "Navoiy viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini modernizatsiyalash va tibbiyot uskunalari bilan jihozlash uchun Yaponiya hukumati grantidan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror qabul qildi.
Qaror Yaponiya hukumati tomonidan loyihani amalga oshirish uchun beg‘araz shaklda taqdim qilinayotgan grantdan samarali foydalanishni ta'minlash maqsadida qabul qilindi.
Qarorda ta'kidlanishicha, mablag‘larni taqdim qilish uchun 2015 yil 25 oktabrda Yaponiya hukumati bilan almashuv notalari va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan grant kelishuvi imzolangan.
2015 yil 28 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va International Techno Center Co., Ltd» (Yaponiya) kompaniyasi bilan loyiha doirasida konsalting xizmatlarini taqdim qilish bo‘yicha 28,0 mln yyenlik kelishuv imzolangan.
Qarorda ta'kidlanishicha, qonunchilikka ko‘ra loyihani amalga oshirish doirasida grant hisobiga olib kiriladigan va xarid qilinadigan tovarlar (ish va xizmatlar) bojxona to‘lovidan ozod etiladi.
Hukumat taqdim qilinayotgan grantning maqsadli ishlatilishi va loyihani amalga oshirish uchun javobgarlikni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yukladi.
O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga Yaponiyaning vakolatli banki bilan Yaponiya grantini ishlatish va hisob-kitob qilishda xizmat ko‘rsatish bo‘yicha banklararo bitim tuzish vazifasi topshirildi.