Tojikiston Respublikasida bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida, mamlakatning asosiy qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Respublika saylov va referendumlar o‘tkazish markaziy komissiyasining ma'lum qilishicha, referendumda ishtirok etgan 4 mln 402 ming saylovchining 3 mln 814 ming nafari yoki ovoz berish jarayonida qatnashgan saylovchilarning 94,5 foizi o‘zgartirishlarni ma'qullashini bildirgan. 134 171 kishi yoki saylovda ishtirok etganlarning 3,3 foizi esa bunga qarshi ovoz bergan.
Markaziy Saylov komissiyasi rahbari Baxtiyor Xudoyorzodaning ma'lumotiga ko‘ra, referendumda davomat 92 foiz bo‘lgan.
Saylovchilar, tinchlik va milliy birlik asoschisi - Millat yetakchisi (o‘tgan yilning dekabr oyida, Tojikiston parlamenti amaldagi davlat rahbariga Emomali Rahmonni shunday maqomga munosib ko‘rgan edi) Asosiy qonunning 65-moddasiga amal qilmasligiga rozilik bildirishgan. Tojikiston konstitutsiyasi 65-moddasiga ko‘ra, "bir shaxs qatorasiga ikki muddatdan ortiq vaqt mobaynida davlat rahbari bo‘la olmaydi".
Ammo, endilikda, "mazkur moddaning 4-bandida ko‘zda tutilgan cheklov Tinchlik va milliy birlik asoschisi - millat Yetakchisiga nisbatan qo‘llanilmaydi".
Bundan tashqari, Asosiy qonunning 8-moddasiga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Unga muvofiq, "Tojikistonda boshqa davlatlar siyosiy partiyalari faoliyatiga yo‘l qo‘yilmaydi. Milliy va diniy asosdagi partiyalar tashkil etish hamda mavjud siyosiy partiyalarni xorijiy davlatlar va tashkilotlar, yuridik shaxslar va fuqarolar tomonidan moliyalashtirilishi taqiqlanadi".
Shu bilan birga, prezidentlik uchun nomzodlar, parlament deputatligi, Oliy, konstitutsion va oliy iqtisodiy sud sud'yaligi uchun yosh cheklovi 30 yosh (avval 35 yosh) etib belgilandi.