MSK: Tojikistondagi referendum bo‘lib o‘tgan deb hisoblanadi

Jahon 16:00 / 22.05.2016 5234

Kunning ikkinchi yarmiga kelib Tojikistonda mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumda saylovchilarning 66,6 foizi ishtirok etdi. Bu haqda Tojikiston Markaziy saylov komissiyasiga asoslanib, RIA Novosti xabar tarqatdi.

"Referendum bo‘lib o‘tgan deb hisoblanadi. Buning uchun referendumda ovoz bergan saylovchilar soni 50 foizdan ortishi yetarli bo‘lardi. Hozirga kelib mamlakatning saylash huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarining 66,6 foizi saylovda ishtirok etib bo‘ldi", deydi Tojikiston MSK raisi Baxtiyor Xudoyorzoda.

Ovoz berish jarayoni kechki soat 20:00gacha davom etadi.

Tuzatishlar amaldagi davlat rahbari Emomali Rahmonga Tojikiston prezidentligiga nomzodini cheklovlarsiz qo‘yish imkoniyatini beradi. Prezidentlikka nomzodlar uchun eng kichik yosh 35dan 30gacha pasaytirilishini nazarda tutadi. Shuningdek, mamlakat hududida milliy va diniy tamoyillarga ko‘ra siyosiy uyushmalar, partiyalar tashkil etilishiga taqiq joriy etiladi.

Bundan oldinroq, Tojikiston konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumda 3 soat ichida saylovchilarning uchdan bir qismi ovoz berib bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: