Avstriya Respublikasida bugun, 22 may kuni prezident saylovining ikkinchi bosqichida ovoz berish uchun saylov uchastkalari o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Frans Press agentligiga tayanib RIA Novosti xabar qildi.
O‘tgan oyda o‘tkazilgan ovoz berishlar natijasiga ko‘ra, Ozodlik partiyasi deputati Norbert Xofer hamda Yashillar sobiq yetakchisi Aleksandr Van der Bellen ikkinchi bosqich saylovlarida ishtirok etishga muvaffaq bo‘lgandi.
Xofer avval Yevropa hamda Rossiya o‘rtasidagi sun'iy chegaraga qarshi kurashgan va sanksiyalarni zudlik bilan bekor qilish zaruratini olg‘a surgan. Agar u g‘oliblikni qo‘lga kiritsa, 45 yoshli siyosatchi nafaqat o‘ng qanot partiyasidan birinchi prezident, balki 1945 yildan buyon mamlakatning eng yosh prezidenti ham bo‘ladi.
Uning raqibi - ajdodlari rossiyalik muhojirlar bo‘lgan Van der Bellen xalqaro nizolarni tartibga solish hamda iqlim o‘zgarishi masalalarida Moskvaning ishtirokisiz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi va Ukraina inqirozni hal etishda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining faol ishtirokini targ‘ib etadi.
Avstriya konstitutsiyasiga binoan, davlat rahbari – Federal prezident – chegaralangan, asosan, vakillik vakolatlarigagina ega. Avstriya prezidenti umumxalq ovoz berish yo‘li bilan ketma-ket ikki muddatdan ortiq bo‘lmagan holda, olti yilga saylanadi.