O‘zMU talabasi respublika fan olimpiadasi g‘olibi

Jamiyat 09:49 / 21.05.2016 8742

Iqtisodchi avvalo chuqur bilim va tafakkurga, amaliyotda esa o‘ziga xos mahoratga ega bo‘lishi lozim.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetida bo‘lg‘usi iqtisodchilarga soha sirlari qanchalik mukammal o‘rgatilayotgani fan olimpiadalari, turli tanlovlarda o‘z ifodasini topmoqda.

Shu yil 16-17 may kunlari respublika oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘rtasida “O‘zbekiston iqtisodiyoti” fanidan o‘tkazilgan olimpiadada O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti 2-bosqich talabasi Shohzod Hamdamboyev 1-o‘rinni egalladi.

– Talabalarimiz avvalo fan sirlarini mukammal egallashlari uchun fakultetimizda barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ona tilimizda iqtisodiyotga oid qator darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va ularning elektron manbalaridan istalgancha foydalanish mumkin,– deydi olimpiada g‘olibi bo‘lgan talaba ilmiy rahbari, Makroiqtisodiyot kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Abdurahim Vahobov.– Shunga yarasha iqtidorli talabalarimizning intellektual salohiyatlari oshib borayotgani barchamizda umid uyg‘otadi.

O‘zMU Axborot xizmatidan xabar berishlaricha, Olimpiada natijalariga ko‘ra Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Toshkent moliya instituti talabalari 2-3-o‘rinlarga munosib ko‘rildilar.

Shuningdek, 11-12 may kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida, 13-14 mayda Toshkent moliya institutida “Makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot” hamda “Moliya va kredit” fanlaridan o‘tkazilgan respublika fan olimpiadalarida O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti 3-kurs talabalari Muqaddamxon Saidrasulova va Suhrob Sharipovlar faxrli 3-o‘rinni egalladilar.

Ko‘proq yangiliklar: