NATO 2017 yilning boshida 1 mlrd dollarlik yangi bosh qarorgohga ko‘chib o‘tadi. Bu haqda NATO bosh qarorgohidagi manba ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.
"Biz keyingi yil boshida ko‘chib o‘tishni mo‘ljallamoqdamiz, biroq bu birinchi oyda bo‘lishi dargumon", deb aytdi manba.
Uning aytishicha, bu jarayon bosqichma-bosqich ko‘rinishda bo‘ladi va yaqin orada boshlanadi.
NATOning qurilayotgan yangi majmuasi tashkilotning hozirgi bosh qarorgohi joylashgan Bryusseldagi Leopold Uchinchi sayilgohining narigi tomonida joylashgan.
Bu katta yarim aylana shaklidagi oynavand bino bo‘lib, 41 gektar maydonni egallaydi, uning ishchi maydoni 245 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Majmuada NATO davlatlari va hamkor davlatlar missiyalari joylashadi. Binoda bir vaqtning o‘zida 4 mingdan ko‘proq odam ishlaydi.
Bino elektrni tejash, aloqa va kommunikatsiyalar va binoni jismoniy himoya qilish sohasidagi yangi texnologiyalardan foydalangan holda qurilgan. Uning loyihaviy qiymati 1 mlrd dollarni tashkil qiladi.
Yangi bosh qarorgohning yaratilishi haqidagi qaror 1999 yilda qabul qilingan, qurilish ishlari 2010 yilda, tender o‘tkazilgandan keyin boshlangan.