BMT bosh kotibi Pan Gi Mun migratsion inqiroz bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha mas'uliyatni global taqsimlashning muhimligini ta'kidlamoqda. Bu haqida “Kommersant'” gazetasi ma'lum qildi.
“Bu ko‘p sonli qochoqlar inqirozi emas, bu birdamlik inqirozi. Butun dunyodagi qochoqlarning deyarli 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda qo‘nim topishdi. Sakkizta davlat butun dunyodagi jami qochoqlarning yarmidan ko‘pini qabul qilmoqda. BMTning xayrli maqsadlarda jo‘natayotgan 75 foiz vositalari atigi o‘nta davlat tomonidan ajratiladi”, - deya ta'kidlaydi Pan Gi Mun.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar mas'uliyat teng taqsimlansa, qochoqlarni qabul qilayotgan mamlakatlarda hech qanaqa inqiroz bo‘lmasdi.
“Biz yordam ko‘rsatish uchun zarur vositalarga egamiz va ko‘p sonli qochoqlar va muhojirlar oqimini boshqarish uchun nima qilish kerakligini yaxshi bilamiz. Biroq qo‘rquv va saviyasizlik bizga juda xalaqit bermoqda. Insonlarning ehtiyojlari ikkinchi darajaga o‘tib qolmoqda va ksenofobiya ovozi aql ovozidan balandroq jaranglamoqda”, - deb hisoblaydi BMT bosh kotibi.
“Bu inqiroz bilan kurashda old qatorlarda” turuvchi mamlakatlar, maqola mualliflarining ta'kidlashicha, mazkur muammoni hal qilish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilishmoqda.
Pan Gi Mun 23-24 may kunlari Istanbulda o‘tkaziladigan gumanitar masalalarga bag‘ishlangan Butunjahon sammiti davlatlar va boshqa sub'yektlar tomonidan aholini himoya qilish bo‘yicha hamkorlikda ishlashni yo‘lga qo‘yishga doir yangi majburiyatlarni olish imkoniyatini qidirishga bag‘ishlanishini ma'lum qildi.
“Men 19 sentabrda bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleya majlisi qochoqlar va muhojirlarning eng dolzarb muammolariga yechim topishga yo‘l ko‘rsatib berishiga hamda dunyo yetakchilari ushbu masalalar bo‘yicha global hamkorlikni kengaytirishga doir majburiyatlarni o‘z zimmalariga olishiga umid qilaman”, - deya ta'kidladi BMT bosh kotibi.