Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, 19 may payshanba kuni bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyalarida 128 ming kishi qatnashgan. Ammo kasaba uyushmalari mehnat islohotlariga qarshi namoyishlarda 400 ming inson qatnashganini uqdirmoqda, deb xabar qilgan Frans press agentligi.
Aytish joizki, Fransiyadagi ommaviy namoyish va yurishlar mana ikki oydirki davriy ravishda davom etib keladi. Namoyishchilar Mehnat qonunchiligidagi o‘zgarishlardan norozi ekanini izhor qilish uchun ko‘chalarga chiqishmoqda. Mehnat islohotlari to‘g‘risidagi tashabbuslar xalq tomonidan salbiy kutib olinganiga qaramay, Fransiya bosh vaziri Manuel Vals hujjatni parlamentdagi ovoz berish jarayonisiz qabul qildi.
Eng yirik namoyish Parijda bo‘lib o‘tgan, namoyishchilar shaharning sharqiy qismidagi Millatlar maydonidan janubidagi Italiya maydonigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tishgan. Politsiyaga ko‘ra, unda 13mingdan 14minggacha odam qatnashgan. Ammo tashkilotchilar bu raqam borasida o‘zgacha fikrda. Ular 100 ming kishi ishtirok etganini aytishmoqda.
Xabarlarga binoan, namoyishlar tinch o‘tmagan. Agressiv kayfiyatdagi yoshlar banklar, do‘konlar va sug‘urta kompaniyalarining vitrinalarini sindirgan, politsiyachilarga petardalar, tosh va shisha idishlar uloqtirgan. Bunga javoban, tartibni saqlash xodimlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llashga majbur bo‘lgan.
Fransiyaning yirik shaharlarida bo‘lgan to‘qnashuvlarda 30dan ortiq kishi qo‘lga olingan.