Fransiya rahbariyati AQShning Yevropada barpo etayotgan raketalarga qarshi mudofaa (RQM) tizimi boshqaruvini NATOga topshirishni ma'qullamayapti, deb yozmoqda The Wall Street Journal gazetasi.
Ismini oshkor qilmagan fransuz mulozimining so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Parijning bu qarori, Rossiyaning ushbu masaladagi qarashi bilan bog‘liq emas, balki tizimni haqiqatdan ham AQSh o‘rniga faqat mudofaa alyansi boshqarishi borasida kafolatning yo‘qligi, fransuz rahbariyatini tashvishga solmoqda. Bundan tashqari, Parijdagilar, u qo‘llanilgan taqdirda javobgarlikning chegaralangani borasida ham xavotirlarini bildirmoqda.
WSJ nashrining izoh berishicha, ballistik raketa parvozining qisqa muddat davom etishi, qo‘mondonlikning zudlik bilan qarorlar qabul qilishini talab etadi. AQSh vakillarining bayonotlariga ko‘ra, tizim boshqaruvi alyansga o‘tishi bilan NATO qoidalari unga ham joriy qilina boshlanadi.
Rasmiy Vashingtonning bildirishicha, NATO mamlakatlari iyul oyida Varshavada bo‘ladigan sammitidan avval tizimga oid muhim masalalar borasida kelishib olmasa, rasmiy Moskva buni zaiflik deb baholashi mumkin. Alyans rasmiy vakillarining fikricha, balki nazorat funksiyalari, bu masalada kelishib olingach, tashkilot ixtiyoriga topshirilishi mumkin.
"Raketa hujumlariga qarshi mudofaa tizimlarining asosiy bo‘g‘ini Ruminiyadagi urib tushirish bazasi, Turkiyadagi nishonga olish radari va Amerikaning Ispaniyadagi esminetsi hisoblanadi. Bundan tashqari, NATO mablag‘lari hisobiga Germaniyada barpo etilgan RQM tizimi markazi Ramshtayn aviabazasida joylashgan. Umuman, mazkur inshoot 2023 yilda operativ shay holatga keladi", deb maqolasini yakunlaydi WSJ.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi esa, AQSh RQM tizimining Ruminiyada joylashtirilishini, o‘rta va kichik masofalarga uchadigan raketalarni yo‘q qilish shartnomasining buzilishi deb baholagan edi.