AQSh harbiy rahbarlari Afg‘onistondan amerikalik harbiylarni sharoit talab etgan taqdirdagina olib chiqish mumkin deb hisoblashadi. Bu haqda The Washington Post gazetasiga tayanib TASS xabar qildi.
Nashr xabariga ko‘ra, 18 may kuni Afg‘onistondagi AQSh harbiy kuchlari qo‘mondoni general-leytenant Jon Nikolson Bryusselda katta ofitserlar, jumladan, AQSh harbiy kuchlar shtablari rahbarlari Qo‘mitasi raisi general Jozef Danford va NATOning Yevropadagi Birlashgan qurolli kuchlari yangi qo‘mondoni general Kertis Skaparotti bilan uchrashuv o‘tkizgan.
“Bizning maqsadimiz barqaror va xavfsiz Afg‘oniston ekanini anglashimiz lozim. Endi u terroristlar uchun boshpana bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, Nikolsonning hisobotida shu nazarda tutilgan. Buni boshqa harbiy rahbarlar ham eshitgan bo‘lishi muhim”, - dedi Skaparotti.
2014 yilda AQSh hamda NATOning boshqa mamlakatlari Afg‘onistonda “jangovar harakatlari”ni yakunlaganlari haqida e'lon qilgan va davlatdagi vaziyat nazoratini milliy armiya va xavfsizlik kuchlariga topshirgan. Shundan buyon amerikalik askarlar va ofitserlar “Tolibon” harakati jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlarda ishtirok etmayapti. Amerikaliklarning vazifasi – afg‘on harbiy kuchlari tayyorgarligi hamda zarur aslahalar bilan ta'minlanishida yordam ko‘rsatish. Shuningdek, “Al-Qoida” guruhi qoldiqlari va ularning tarafdorlariga qarshi kontrterroristik amaliyotlarda qo‘llab-quvvatlash.
Avvaliga AQSh prezidenti Barak Obama 2017 yil boshiga qadar barcha AQSh harbiy xizmatchilarini uylariga qaytarishni rejalashtirgandi. Biroq, Afg‘onistondagi vaziyat beqarorligicha qolgani tufayli, prezident o‘z qarashlarini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelgan. Oktyabr oyida u 2016 yil davomida 9,8 ming kishilik kontingentni saqlab qolish uchun Afg‘onistondan harbiylarni olib chiqib ketishni keyinroqqa qoldirgani to‘g‘risida ma'lum qildi. Taxminlarga ko‘ra, kelgusi yilning so‘nggiga qadar ularning soni 5,5 ming nafarga kamayadi.