Moskva sudi «Dosent» haykalini o‘g‘irlagan o‘zbekistonliklarga 2,5 yildan qamoq jazosi tayinladi

Jamiyat 12:49 / 19.05.2016 6739

Moskva shahridagi Nikulinsk sudi sovet aktyori Yevgeniy Leonovning "Omadli jyentlmenlar" filmidagi Dosent obrazi uchun o‘rnatilgan haykalni o‘g‘irlashda ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarolariga 2,5 yillik qamoq jazosi tayinladi. Bu haqda Rossiya bosh prokuraturasi saytida ma'lum qilingan.

"Bu jinoiy ish bo‘yicha qo‘lga olinganlarning 6 nafariga 2,5 yildan qamoq jazosi belgilandi. Yana bir jinoyatchiga esa 2 yilu 5 oylik qamoq jazosi tayinlandi. Mahkumlar jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashadi", deyilgan xabarda.

Haykal o‘g‘irlangani 2015 yilning 16 oktabr kuni ma'lum bo‘lgandi. Politsiya yetkazilgan zarar miqdorini 160 ming rublga baholagan.

Mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining «O‘g‘rilik» moddasi bo‘yicha ish ochilgan, qo‘lga olingan 7 nafar o‘zbekistonlik guruh bo‘lib jinoyat sodir etishda ayblangandi.

Guruh 300 kg og‘irlikdagi haykalni joyidan olib, yuk mashinasiga ortgan va rangli metallarni qabul qilish punktiga olib borgan. Jinoyatchilar bu san'at asarini bo‘laklab 39 ming rublga sotib yuborishgan.

Shu kunning o‘zidayoq jinoyatchilar qo‘lga olingan.

Ko‘proq yangiliklar: