Misr Fuqarolik aviatsiyasi EgyptAir aviakompaniyasining MS804 reysini amalga oshirish vaqtida radarlardan yo‘qolgan Airbus A320 rusumli samolyoti halokatga uchraganini tasdiqladi. Bu haqda SkyNews Arabia xabar tarqatdi.
"Samolyot halokatga uchragan. Chunki, u hech qayerga qo‘nmagan", deyilgan xabarda.
Bundan oldinroq, misrlik mutasaddilardan biriga asoslanib, samolyot dengizga qulab tushgani ehtimoli haqida xabar berilgandi.
Samolyot «Sharl-de-Goll» aeroportidan Parij vaqti bilan 23:09 da (Toshkent vaqti bilan 2:09) parvoz qilgan va Qohiraga mahalliy vaqt bo‘yicha 3:05 (Toshkent vaqti bilan 06:05) da yetib kelishi kerak edi. U Qohira vaqti bo‘yicha 3:45 da radarlardan g‘oyib bo‘lgan.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, MS804 reysi bortida 56 nafar yo‘lovchi (ulardan uch nafari bola) va o‘n nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan. Ular Misr, Fransiya, Buyuk Britaniya, Iroq va Saudiya Arabistoni fuqarolari bo‘lgan. Ularning taqdiri hozircha noma'lum.
Havo kemasining g‘oyib bo‘lgani haqida signal olinishi bilan EgyptAir vaziyatni kuzatib borish uchun favqulodda tezkor shtabni tashkil etdi. Uning tarkibiga barcha aviatsiya xizmatlarining vakillari kiritildi. Misr va Gretsiya harbiy uchuvchilari samolyotni qidirish bilan shug‘ullanmoqda.
Aviakompaniya Twitter’dagi sahifasida yo‘qolib qolgan A-320 2003 yilda ishlab chiqarilganligini ma'lum qildi. Uni tajribali ekipaj boshqarayotgan edi, ekipaj komandiri 6 275 soat, uning yordamchisi 2 766 soat parvozni amalga oshirgan.
Keyinroq bu samolyotda 2013 yili texnik nosozlik qayd etilgani haqida xabar paydo bo‘ldi.
Misr harbiylari mahalliy vaqt bilan soat 4:26da (Toshkent vaqti bilan soat 7:26) yo‘qolgan layner halokat signali yuborgani haqida ma'lum qilishdi.
Samolyot radarlardan yo‘qolishidan oldin 11 km balandlikda bo‘lgan.