Mehnat vazirligi tomonidan joriy yilning yanvar-aprel oylarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 15:20 / 19.05.2016 6977

2016 yil 19 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi tomonidan “2016 yil yanvar-aprel oylarida aholini ish bilan ta'minlash, mehnat va mehnat huquqi muhofazasi hamda boshqa masalalar yuzasidan Mehnat vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar” mavzusida videoselektor ko‘rinishidagi matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Unda mehnat vaziri o‘rinbosari Bahodir Nizomov, vazirlik hamda tasarrufiy tashkilotlar mutasaddilari, viloyat bosh boshqarmalari rahbarlari, hamkor tashkilotlar vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Kirish so‘zida B.Nizomov joriy yil 22 fevral kuni Prezident Islom Karimov farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi etib qayta tashkil etilganligi haqida OAV vakillariga aytib o‘tdi. 

2016 yil yanvar-aprel oylarida 193 ta tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat etgan 76,7 ming nafar fuqarolarning ishga joylashtirilishiga ko‘maklashildi. Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta'minlash markazlari orqali 42,2 ming nafar fuqarolar vaqtinchalik bir martalik ishlarga jalb qilindi. Hisobot davrida ish qidirayotgan fuqarolar uchun maqbul keladigan ishni qidirish muddatini qisqartirish maqsadida 383 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, ularda 162,2 mingta ish beruvchilar vakillari va 78,9 ming nafar ish qidirayotgan fuqarolar ishtirok etishdi. Yarmarkalar natijasiga ko‘ra 13,0 ming nafar shaxslar ishga yo‘llanma olishdi, 37,9 ming nafar faol ish qidirayotganlarga mehnat, bandlik va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatlar berildi. 

Mehnat bozorida aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj toifalari bandligini ta'minlash uchun mahalliy hokimliklar bilan birgalikda band qilingan (kvota) ish o‘rinlariga 20,2 ming nafar fuqaro joylashtirildi. Ishsizlarning mehnat bozorida raqobatga bardoshligini kuchaytirish va ish bilan ta'minlash maqsadida 2,0 ming nafar ishsiz fuqaro tikuvchilik, to‘quvchilik, elektrik, payvandchilik, bo‘yoqchilik, suvoqchilik, kompyuter texnikasi operatori va boshqa shu kabi kasblar bo‘yicha o‘qitildi. Korxonalar bilan hamkorlikda 1,8 ming nafar ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi. 2016 yil 5 may holatiga ko‘ra, 72,7 mingdan ortiq bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari to‘g‘risida ma'lumot topshirildi va ish.mehnat.uz  saytiga joylashtirildi. 2016 yil yanvar-aprel oylarida hududlar va yo‘nalishlar kesimida 259  mingta ish o‘rni tashkil etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: