Gretsiya hukumati EgyptAir aviakompaniyasining O‘rta Yer dengizi hududida qulab tushgan A320 rusumli samolyoti qoldiqlari topilgani haqida ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, samolyot qoldiqlari u radarlardan yo‘qolib qolgan nuqtadan 50 mil janubi-sharqda, Gretsiyaning Karpatos orolidan janubda topilgan.
Bundan oldinroq, Misr bosh vaziri samolyot qulashiga terakt sabab bo‘lgani ehtimoli istisno etilmasligini aytib o‘tgandi.
Samolyot «Sharl-de-Goll» aeroportidan Parij vaqti bilan 23:09 da (Toshkent vaqti bilan 2:09) parvoz qilgan va Qohiraga mahalliy vaqt bo‘yicha 3:05 (Toshkent vaqti bilan 06:05) da yetib kelishi kerak edi. U Qohira vaqti bo‘yicha 3:45 da radarlardan g‘oyib bo‘lgan.
Misr fuqarolik aviatsiyasi vazirligi harbiylar mahalliy vaqt bilan 4:26 (Toshkent vaqti bilan 7:26) da EgyptAir kompaniyasining g‘oyib bo‘lgan A320 samolyotidan falokat signallarini olganini ma'lum qildi.
Ko‘p o‘tmay Misr Fuqarolik aviatsiyasi EgyptAir samolyoti halokatga uchraganini tasdiqladi.
Samolyot Misr qirg‘oqlaridan 280 km shimolda halokatga uchragani aytildi.
66 nafar yo‘lovchining 30 nafari Misr, shuningdek, 15 — Fransiya, 2 — Iroq, bir nafardan — Buyuk Britaniya, Belgiya, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Sudan, Chad, Portugaliya, Jazoir va Kanada fuqarolari bo‘lgan.