FXX rahbari: Rossiyada "Parij ssenariysi" bo‘yicha teraktlar rejalashtirilgandi

Jahon 20:48 / 19.05.2016 5970

Rossiya va Qozog‘iston maxsus xizmatlari hamkorligida Rossiyaning yirik shaharlarida "Parij ssenariysi" bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan teraktlarning oldi olingan. Rossiya Federal xavfsizlik kengashi rahbari Aleksandr Bortnikov Minskdagi yig‘ilish vaqtida shu haqda ma'lum qilgan.

"2016 yilning fevralida qozog‘istonlik hamkorlarimiz bilan mamlakat hududidagi shaharlar bo‘ylab "Parij ssenariysi" bo‘yicha teraktlar uyushtirishni rejalashtirgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ygandik", degan Bortnikov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu guruh o‘z rejalarini bajarib, Suriyaga yo‘l olmoqchi bo‘lgan.

Bundan tashqari, Bortnikov 2016 yilning martida Afg‘onistondan Qozog‘iston va Rossiya hududi orqali Finlyandiya hududiga boruvchi muhojirlar oqimi to‘silgani haqida axborot bergan.

U bugun ro‘y bergan Misr samolyoti halokati haqida to‘xtalib, bu hodisa terakt bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan.

U hozircha Fransiya bilan havo qatnovi to‘xtatilmasligi, ammo agar Misrda bo‘lgani kabi bu samolyot bortiga ham portlovchi modda o‘rnatilgani aniqlansa, bu masala ko‘rib chiqilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 31 oktabrida Sinayda Rossiya yo‘lovchi samolyoti qulab tushgan va 224 kishi halok bo‘lgandi. Keyinroq, bu samolyotga Sharm-ash-Shayx aeroportida portlovchi qurilma qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi va Rossiya Misr bilan aviaaloqalarni to‘xtatdi.

Ko‘proq yangiliklar: