EgyptAir aviakompaniyasining A320 yo‘lovchi samolyoti Gretsiya tarkibidagi Karpatos orollaridan uncha uzoq bo‘lmagan hududda qulab tushgan. Bu haqda Gretsiya Fuqarolik aviatsiyasi ma'lumotiga asoslanib, Frans Press agentligi xabar tarqatgan.
"EgyptAir samolyoti Misr havo hududidaligida sho‘ng‘ishni boshlagan va Gretsiyaning Karpatos oroli yaqinidagi hududga tushgan", deyilgan xabarda.
Manbaning ma'lum qilishicha, samolyot mahalliy vaqt bilan soat 00:29da (Toshkent vaqti bilan soat 5:29) Karpatos orolidan 240 km masofada qulagan.
Bundan oldinroq, Gretsiya hukumati O‘rta Yer dengizi aholisining osmonda "olovli shar" ko‘rgani haqidagi ma'lumot bo‘yicha tekshiruv olib borgani xabar qilingandi.
Samolyot «Sharl-de-Goll» aeroportidan Parij vaqti bilan 23:09 da (Toshkent vaqti bilan 2:09) parvoz qilgan va Qohiraga mahalliy vaqt bo‘yicha 3:05 (Toshkent vaqti bilan 06:05) da yetib kelishi kerak edi. U Qohira vaqti bo‘yicha 3:45 da radarlardan g‘oyib bo‘lgan.
MS804 reysi bortida 56 nafar yo‘lovchi (ulardan uch nafari bola) va o‘n nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan. Ular Misr, Fransiya, Buyuk Britaniya, Iroq va Saudiya Arabistoni fuqarolari bo‘lgan.
Aviakompaniya Twitter’dagi sahifasida yo‘qolib qolgan A-320 2003 yilda ishlab chiqarilganligini ma'lum qildi. Uni tajribali ekipaj boshqarayotgan edi, ekipaj komandiri 6 275 soat, uning yordamchisi 2 766 soat parvozni amalga oshirgan.
Keyinroq bu samolyotda 2013 yili texnik nosozlik qayd etilgani haqida xabar paydo bo‘ldi.
Misr harbiylari mahalliy vaqt bilan soat 4:26da (Toshkent vaqti bilan soat 7:26) yo‘qolgan layner halokat signali yuborgani haqida ma'lum qilishdi.
Samolyot radarlardan yo‘qolishidan oldin 11 km balandlikda bo‘lgan.
Misr Fuqarolik aviatsiyasi EgyptAir samolyoti halokatga uchraganini tasdiqladi.