BMT: 2030 yilga borib Yer yuzidagi aholining uchdan ikki qismi shaharlarda yashaydi

Jahon 11:51 / 19.05.2016 5503

2030 yilga borib Yer yuzidagi aholining uchdan ikki qismi shaharlarda yashaydi va 80 foizgacha global YaIM ishlab chiqaradi. Bu haqida BMTning 18 may kuni e'lon qilgan Aholi punktlari bo‘yicha dasturi doirasidagi ma'ruzasidan ma'lum bo‘ldi. Unda urbanizatsiya jarayonining xavfi va imkoniyatlariga ishora qilinadi. 

Ekspertlar to‘g‘ri rejalashtirilmagan shahar aholisining o‘sishi ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlikning kuchayishiga olib kelishi, shuningdek atrof-muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantiradi. BMT megapolislar iqtisodiy o‘sishning lokomotivi ekanligini ta'kidlab, uning 2015 yilning sentabrida Nyu-Yorkdagi sammitda belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga yetishishda yetakchi rol o‘ynashi mumkinligini bildirdi. Shu munosabat bilan BMT davlatlarni shaharlar rivojiga zamonaviy va samarali yondashuvchi usullarni ishlab chiqish va joriy etishga chaqirdi. 

Ma'ruzada bugungi kunda jahonning 600ta yirik shahri va megapolislarda dunyo aholisining beshdan bir qismi yashashi ta'kidlanadi. Energiya iste'molining 60-80 foizi shaharlarga to‘g‘ri keladi, ular 70 foizgacha issiqlik gazi chiqindilarini ishlab chiqaradi, bu esa global issiqlikni keltirib chiqaradi. BMT aholi punktlari bo‘yicha dasturi hujjatida rivojlanayotgan mamlakatlarda yuqori urbanizatsiya tempi kuzatilayotganiga alohida e'tibor qaratilgan. Ekspertlarning baholashicha, mamlakat hududidagi shahar aholisining soni ikki barobar ortadi, shaharlar hududi esa uch barobar kengayishi mumkin. 

Butunjahon tashkiloti noqonuniy qurilgan turar joylarda yashovchi aholi sonining o‘sishi, shuningdek aholiga zarur ijtimoiy xizmat ko‘rsatish hamda ularni yuqori sifatli turmush tarzi bilan ta'minlash muammolarini shaharlar oldida turgan asosiy vazifa deb atadi. 

Bundan tashqari, mutaxassislar ijtimoiy tengsizlik, muhojirlar oqimining ko‘payishi, xavfsizlik darajasining pasayishi va ekologiyaning ifloslanishi xavfi haqida ogohlantirishmoqda. 

Tadqiqotchilar urbanizatsiya jarayoniga aql bilan yondashilsa, iqlimning global o‘zgarishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish uchun ko‘plab imkoniyatlar yuzaga kelishi mumkinligini ta'kidlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: