2016 yil 21 may kuni O‘zbekistonning jahon neftgaz sanoatidagi eng yirik loyihalaridan biri — Ustyurt gazkimyo majmuasi foydalanishga topshiriladi. Bu haqda, Sputnik agentligiga "O‘zbekneftegaz" milliy xolding kompaniyasi vakili ma'lum qilgan.
Kimyo majmuasining rasmiy ochilish marosimida Koreya Respublikasi bosh vaziri Xvan Ge An va O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev qatnashishi kutilmoqda.
"Surg‘il gaz koni negizidagi Ustyurt gazkimyo majmuasi Janubiy Koreyaning Kogas, Lotte Shemical va STX Energy kompaniyalari konsorsiumi ishtirokida barpo etildi. U loyiha quvvatiga chiqqach, yiliga 4,5 mlrd kub metr gazni qayta ishlash imkonini beradi. Buning natijasida 400 ming tonna polietilen va 100 ming tonna polipropilen ishlab chiqariladi".
Loyihaning umumiy qiymati 3,89 milliard AQSh dollaridan ortib ketgan. Shundan 1,4 mlrd Janubiy Koreya kompaniyalari va "O‘zbekneftgaz" hissasiga to‘g‘ri keladi. 2,5 milliard dollardan ortiq mablag‘ esa, yetakchi xalqaro banklardan jalb etilgan kreditlardir.
Inshoot qurilishi o‘tgan yilning to‘rtinchi choragida yakunlangan edi. Shundan so‘ng, ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari amalga oshirildi, majmua sinab ko‘rildi. Ilk mahsulotlarni eksport qilish ham tashkil etildi.
Ustyurt gazkimyo majmuasining o‘ziga xosligi shundan iboratki, bu yerda foydalanilgan texnologiya tabiiy gazdan 97 foizgacha etan, propan va boshqa qimmat mahsulotlarni olish imkonini beradi. Taqqoslash uchun, bugungi kunda MDHdagi shu kabi majmualarning o‘rtacha foydali ish koeffitsiyenti 80 foizdan oshmaydi.
Majmuada 4 xil polietilen granulalari: J-2200 (injyektsion polietilen), MF-5000 (mononit), BL-6200 (shishiriluvchi polietilen), FL-7000 (plenka) hamda yana 4 xil polipropilena J-150 (injyektsion), Y-130 (mononit), B-320 (list) va FC-550 (plenka) ishlab chiqariladi.