"Oskar" mukofoti sohibi, amerikalik aktyor Tom Xenks Sharafli legion ordeniga ega bo‘ladi, deya xabar beradi People.
Bu Fransiyaning eng yuksak mukofotlaridan biri hisoblanadi. Mukofotni topshirish marosimi 20 may kuni Parijda bo‘lib o‘tadi.
Xenks bilan bir qatorda bu mukofot teleboshlovchi va jurnalist Tom Brokau hamda Ikkinchi jahon urushi milliy muzeyi rahbari Gordon Myullerga ham topshiriladi.
Ularning uchovi ham Ikkinchi jahon urushi haqida xotiralar saqlanib qolishi yo‘lidan qilgan mehnatlari evaziga Sharafli legion mukofotiga loyiq deb topilishdi.
Mukofot topshirilgandan so‘ng Parijdagi AQSh elchixonasida qabul marosimi o‘tkaziladi.
Xenks "Askar Rayanni qutqarish" nomli harbiy dramada suratga tushgan va shu bilan birga Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlangan "Quroldoshlar" hamda "Tinch ummon" seriallariga prodyuserlik qilgan.
Harris Poll so‘rovnomasiga ko‘ra, Tom Xenks 2002, 2004, 2005, 2013 va 2015 yillarda AQShning eng sevimli kinoyulduzi deb tan olingan.