Bugun Bazel shahrida UYeFAning ijroiya qo‘mitasining tashkilot prezidentini saylash uchun o‘tkaziladigan saylov kunini belgilash maqsadidagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mishel Platinining o‘rniga tashkilotni boshqaruvchi amaldor nomi 14 sentabr kuni Afina shahrida bo‘lib o‘tadigan saylovdan keyin ma'lum bo‘ladi.
Ayni vaqtda Niderlandiya qirolligi futbol ittifoqi (KNVB) prezidenti Maykl van Prag va Sloveniya futbol federatsiyasi rahbari Aleksandr Seferin bu lavozimga asosiy nomzodlar sifatida qaralmoqda.
Eslatib o‘tamiz, FIFA Axloqiy qo‘mitasi Yozef Blatter bilan birga UYeFA rahbari Mishel Platinini futboldagi faoliyatdan 8 yilga chetlatgandi. Bunga Platinining 1999 yildan 2002 yilgacha FIFA tizimidagi faoliyati uchun 2011 yilning fevralida 2 mln frank miqdorida maosh to‘langanidan keyin o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasi sabab bo‘lgan.
Platini ushbu qaror yuzasida fevral oyida apellyatsiya bergan, 9 may kuni Sport arbitraj sudi CAS unga tayinlangan cheklovni va jarimani qisqartirgani, lekin butunlay olib tashlamagani ma'lum bo‘lgach, fransiyalik amaldor o‘z o‘rnini tark etishini bildirdi.