Namanganda o‘smirlar o‘rtasida suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda Namangan, Xorazm, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahridan o‘n olti jamoa ishtirok etdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Finalda Namangan suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi jamoasini 21:12 hisobida mag‘lub etgan Toshkent shahrining markaziy harbiy sport klubi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Kumush medal Namangan suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi vaterpolchilariga, bronza medali Namangan viloyati terma jamoasiga nasib etdi.
Qizlar ishtirokidagi hal qiluvchi bellashuvda Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi hamda Namangan viloyati terma jamoasi musobaqalashdi. Unda mahorat bobida katta ustunlikka ega bo‘lgan poytaxt vakillari 16:5 hisobida g‘alaba qozondi. Namanganliklar ikkinchi, Xorazmning “Urgench OZK” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.