Twitter xabarlar uchun 140 belgidan iborat cheklovni bekor qilishni rejalashtirmoqda

Fan-texnika 09:31 / 17.05.2016 2935

Twitter mikroblogi xizmati yaqin haftalar ichida hozirgi 140 belgidan (ramz) iborat cheklovni olib tashlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar tarqatgan.

Kompaniya rahbariyati rejasiga ko‘ra, xabarlarga qo‘shiladigan fotosuratlar hamda havolalar o‘rni 140 belgilik cheklovdan tashqari hisoblanadi.

Qayd etilishicha, hozirda foydalanuvchilar tvitga qo‘shishi mumkin bo‘lgan havolalar uchun 23 belgidan iborat cheklov mavjud. Qo‘shilgan surat uchun ham 23ta belgi o‘rni hisoblanadi.

Nashrning yozishicha, bu o‘zgarish foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshiriladigan katta qadamlardan biri bo‘ladi.

Tvitlarda 140talik cheklov xizmat ochilgan kundan (2006 yilning marti) buyon mavjud. Twitter ijrochi direktori Jyek Dorsi o‘zgarishlar xizmat auditoriyasining kengayishini ta'minlashiga umid bildirgan.

Shu yilning yanvarida Twitter foydalanuvchilarga hozirgi 140 belgi o‘rniga 10 minggacha belgidan iborat hajmdagi postlarni joylashtirish imkoniyatini berishni rejalashtirayotgani aytilgan edi.

AQShning yetakchi yuqori texnologiyali kompaniyalari yangiliklarini yoritishga ixtisoslashgan Re/code sayti, Twitter yangi xizmatni shu yil birinchi choragi oxirigacha ishga tushirishni mo‘ljallagani haqida aytgan, unga ko‘ra tvitlar ko‘rinishidan hozirgi hajmini saqlab qolishi kerak bo‘lgan, uni to‘liq o‘qish uchun ochib kengaytirish mumkin bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Biroq, bu loyiha joriy etilmadi.

Ko‘proq yangiliklar: