Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga rektor tayinlandi

O‘zbekiston 10:50 / 17.05.2016 30829

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning farmoniga muvofiq Milliy universitetning O‘zbek filologiyasi fakulteti va boshqa tuzilmalar (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti hamda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti) bazasida tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga rektor tayinlandi.

Kun.uz saytining universitet rahbariyatidagi manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 16 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda shu vaqtgacha Milliy universitet rektori sifatida faoliyat yuritib kelgan Shuhrat Sirojiddinov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori lavozimini egallagan.

Shuhrat Sirojiddinov (1961 yilda tug‘ilgan) O‘zMUga 2015 yil iyunidan rahbarlik qilib kelayotgan edi. Unga qadar — 2014 yildan universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori lavozimiga tayinlangandi. 2012-2014 yillarda Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, 2005-2012 yillarda — O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining birinchi prorektori vazifasida faoliyat olib borgan. 1984 yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi — O‘zMU) Sharqshunoslik fakultetida tahsil olgan.

O‘zMU saytida keltirilishicha, Shuhrat Sirojiddinov matnshunos olim, o‘zbek mumtoz adabiyoti, diniy-falsafiy ta'limotlar va badiiy tarjima sohalarida tadqiqot olib boradi. 16 ta monografiya, risolalar va o‘quv uslubiy qo‘llanmalar hamda 140 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi.

O‘zMUning yangi rektori bugun tayinlanishi kutilmoqda.

Yangi universitet tarkibida uchta fakultet bo‘ladi: O‘zbek filologiyasi, O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, O‘zbek-ingliz tarjimasi. Bundan tashqari, oliygoh huzurida o‘zbek tili va adabiyoti Ilmiy-tadqiqot instituti ishlaydi.

Fanlar Akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi ham yangi universitet tarkibiga kirib, uning asosida O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etiladi.

Universitetda o‘quv jarayoni 2016/2017 o‘quv yilidan boshlanadi.

O‘zMU qaytadan tashkil etiladi

Ko‘proq yangiliklar: