Land Rover avtomobilsozlik kompaniyasi Britaniyaning maishiy texnika va elektronika ishlab chiqaruvchi Bullitt Group kompaniyasi bilan birga o‘zining smartfoni va Land Rover yo‘ltanlamas mashinalari egalari uchun mobil aksessuarlar qatorini ishlab chiqaradi. Bu haqda avtomobilsozlik kompaniyasi matbuot banyonotida aytildi.
Ta'kidlanishicha, yangi qurilmalar faol hayot tarzini afzal ko‘ruvchi odamlarga mo‘ljallanadi. Aksessuarlar qatori 2017 yil boshida ilk bor namoyish qilinadi.
Bullitt Group mobil qurilmalar portfoliosini ishlab chiqishni Jaguar Land Rover Special Vehicle Operations jamoasining bevosita ishtirokida olib bormoqda. Bu jamoa kompaniyaning seriyali avtomobillarining "hashamatli" versiyalarini ishlab chiqish va yaratish, individual buyurtmalarni bajarish va Jaguar Land Rover’ning tarixiy modellarini tiklash bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi hisoblanadi.