GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi Rossiyaga Chevrolet Spark’ning muqobili Ravon R2 avtomobilini jo‘natishni boshladi.

O‘zbekiston 08:43 / 17.05.2016 15456

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi Rossiyaga Chevrolet Spark’ning muqobili Ravon R2 avtomobilini jo‘natishni boshladi, deb xabar berilmoqda Ravon saytida. Joriy yilning oxirigacha kompaniya bu avtomobillardan 2500 tacha sotmoqchi. 

Mashinalar muvaffaqiyatli yetkazilishi va sotilishi uchun distribyutorlar, dilerlar va boshqa tashkilotlar bilan faol ish olib borilmoqda, deyilmoqda xabarda.

GM Uzbekistan keyingi chiqaradigan modeli Nexia sedani bo‘ladi. O‘zbekistonda bu model Chevrolet Nexia sifatida, xorijiy bozorlarda esa Ravon Nexia R3 sifatida sotiladi.

Ayni vaqtda GM Uzbekistan’ning Asakadagi zavodida ikki yangi modelni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha ishga tushirish-sozlash va sinov ishlari yakunlandi.

Kompaniya Ravon dilerlik tarmog‘ini kengaytirishni va Ravon R4 (Cobalt) modelini ishlab chiqarish bilan modellar qatorini yangilashni davom ettirmoqda.
 
Keyingi yilda Rossiyada o‘tgan yilning oktabrida taqdim qilingan Ravon brendi MDHning boshqa bozorlarida, jumladan Qozog‘istonda ishga tushiriladi.

Ravon R2 modeli tashqi va ichki tomondan yangi dizaynga ega, tejamkor 1,25 l B-DOHC dvigateli va yangi avloddagi avtomatik transmissiya bilan jihozlangan. Model komplektatsiyasi yaxshilangan shovqin izolyatsiyasi, yangilangan asboblar paneli, MP3, USB, AUX va Bluetooth funksiyalariga ega audiotizimni o‘z ichiga oladi.

Ravon R2’ning faol va passiv xavfsizlik tizimi xavfsizlik yostiqchalari, rulni elektron boshqarish tizimi, elektr oyna ko‘targichlar, antibloklanish tormozi va bolalar avtomobil o‘rindiqlarini mahkamlash tizimi Isofix bilan butlangan. Keyinroq modelning standart komplektatsiyasiga yo‘l-transport hodisasi yuz berganda avariya-qutqaruv xizmatlarini shoshilinch chaqiriq bilan xabardor etadigan favqulodda vaziyatlarda shoshilinch ogohlantirish tizimi kiradi. 

T250 negizida yaratiluvchi yangi Nexia yangi avtomatik uzatmalar qutisi va xavfsizlik yostiqchalari, uch nuqtali xavfsizlik kamari, Isofix tizimi, ABS va elektron barqarorlik tizimini o‘z ichiga oluvchi takomillashtirilgan xavfsizlik tizimi bilan jihozlangan. Nexia ham favqulodda vaziyatlarda shoshilinch ogohlantirish tizimi bilan butlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: