Buxoroda «Ipak va ziravorlar» festivali bo‘lib o‘tadi

Jamiyat 21:55 / 17.05.2016 9789

26-28 may kunlari Buxoro shahrida XV «Ipak va Ziravorlar» festivali bo‘lib o‘tadi. «O‘zbekturizm» Milliy kompaniyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bayramona marosim shaharning tarixiy qismi bo‘ylab milliy liboslardagi yoshlar va keng aholi ishtirokida tantanali yurish bilan boshlanadi.

Festival doirasida respublika va xorijlik hunarmandlar, ziravorchilar hamda tadbirkorlar mahsulotlarining savdo yarmarkasi tashkil qilinadi. Usta-hunarmandlar (zardo‘zlik, kandakorlik, kulolchilik, miniatyura san'ati, temirchilik, gilam va atlas to‘qish, kashtachilik va boshqalar.) tomonidan mahorat maktablari o‘tkazilib, milliy hunarmandchilik ustaxonalaridagi faoliyat namoyish etiladi. Festival dasturidan yosh dizaynerlar tomonidan atlas va adrasdan tikilgan liboslar namoyishi bo‘lib o‘tadi.

«Buxoro tarixiy ijtimoiy-madaniy an'analarining zamonaviy tamaddun talablari kesimidagi rivoji» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada mamlakatdagi diplomatik korpuslar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy mehmonlar va investorlar ishtirokida viloyatning yuqori turistik salohiyati sayyohlik infratuzilmalari va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Bir qator investitsion loyihalar bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalarning imzolanishi kutilmoqda.

Festivalning ko‘ngilochar dasturlari qatoriga turli viloyatlarning folklor jamoalari tomonidan qiziqarli madaniy dasturlar namoyishi hamda yurtimizning taniqli va yosh iste'dodli san'atkorlari ijrosidagi gala konsert tashkil qilinadi. Festivalga tashrif buyurganlar, shuningdek, milliy kurash musobaqalari, xo‘roz urushtirish, qo‘chqor jangi, dorbozlik kabi xalq uyinlarini tomosha qilishlari mumkin. Mamlakatning turli viloyatlaridan kelgan mashhur oshpazlar o‘rtasida uyushtiriladigan «Palov sayli» ko‘rik-tanlovi tashrif buyurganlar uchun haqiqiy «Oshpazlar jangi»dan bahramand bo‘lish imkoniyatini yaratadi.

Ko‘proq yangiliklar: