2016 yil 9 mayidan 15 mayigacha bo‘lgan 1 hafta mobaynida kamida 459 kishi issiq urishidan aziyat chekkan va shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda mamlakat o‘t o‘chirish, favqulodda vaziyatlar va tez tibbiy yordam xizmati boshqarmasi ma'lum qilgan.
Qayd etilishicha, issiq urishi tufayli shifoxonaga keltirilganlar soni may oyining birinchi haftasiga qaraganda 57 kishiga ko‘paygan. Shunday bo‘lsa-da, o‘lim holati qayd etilmagan.
Avval xabar qilinganidek, aprel oyi oxiri may oyi boshlaridan beri Yaponiyaning aksar hududlarida jazirama ob-havo sharoiti hukmronlik qilmoqda. Termometr ko‘rsatkichi Tselsiy shkalasi bo‘yicha 30 darajadan ko‘tarilib ketayapti. Yapon meteorologlari joriy yilning yoz mavsumi har qachongidan ham issiqroq kelishini, bunga Tinch okeanidagi El-Nino va La-Ninya iqlim ko‘rinishlari sabab bo‘lishini taxmin qilishmoqda.
O‘tgan yili Yaponiyadagi jaziramalar tufayli 100dan ortiq insonning yostig‘i qurigan, 53 ming kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan edi. Shunga ko‘ra, yapon shifokorlari quyosh nurlari ostida ko‘p qolmaslik, bosh kiyim kiyish va imkon darajasida ko‘proq suyuqlik ichishni tavsiya qilishmoqda.