«Yevrovideniye-2016» qo‘shiqlar tanlovi finali tashkilotchilar tomonidan dramatik ruhda kechdi deb hisoblandi. Bu haqda TASS agentligi Shvetsiya poytaxtida tashkil etilgan shouning bosh prodyuseri Krister Berkmanga asoslangan holda xabar tarqatgan.
«Bunday yakun — men bunday yaxshirog‘i bo‘lishini aqlimga sig‘dira olmayman! Masalan, Polshani olaylik, ularning vakili hakamlar bergan ovozlardan keyin 7 ball bilan oxirgi o‘rinda edi, muxlislar ovozi esa uni juda yuqoriga, 26dan sakkizinchi o‘ringa ko‘tarib yubordi. Yoki yarim soat davomida ko‘pchilik Avstraliya ochkolardagi katta farq evaziga g‘olib bo‘llishga ishonib o‘tirgandi, keyin esa bunday bo‘lib chiqmadi. Drama nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bundan ortig‘i bo‘lmaydi», — deydi u.
Berkmanning fikricha, ball berishning yangi tizimi hakamlar va muxlislarning qarashlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatib berdi.
«Aniqqi, professionallar butunlay boshqa jihatlarni baholashadi. Tomoshabinlar nomerlarning faqat tashqi jihatlarini, tomoshabop hamda chiroyli jihatlarini ko‘rishadi. Shuning uchun baholashlar ham turlicha bo‘lishi tabiiy», — deya qayd etgan prodyuser.
Bundan oldinroq, tanlovda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Sergey Lazarev, bu yilda asosiysi muxlislarning rossiyalik vakilga munosabati yaxshi tomonga o‘zgarganini e'tirof etib o‘tgandi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina vakili Jamala «Yevrovideniye-2016» tanlovida birinchi o‘rinni egalladi.
Bu yil tanlov ishtirokchilarini ikki bosqichda baholashdi: avvaliga ishtirokchi mamlakatlarning professional hakamlar hay'ati vakillari o‘z ballarini taqdim etdi, so‘ng ushbu natijalarga tomoshabinlar bergan ovozlar natijasi qo‘shildi.
Hakamlar hay'ati bergan balldan so‘ng Ukraina Avstraliyadan keyingi ikkinchi o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, tomoshabinlar bergan ovozlar natijasida birinchi o‘ringa chiqdi. Jamala qrim-tatarlar deportatsiyasiga bag‘ishlangan «1944» nomli qo‘shig‘ini ijro etdi.
2-o‘rinni avstraliyalik Demi egalladi, u Sound of Silence qo‘shig‘ini ijro etdi. U hakamlar bergan ovozlardan keyin Ukraina vakilini 104 ballik farq bilan ortda qoldirayotgandi, ammo muxlislar Ukraina vakiliga ko‘proq ovoz berishi natijasida kelib chiqishi koreyalik bo‘lgan Demi Im ikkinchi o‘ringa tushdi.
Rossiya vakili Sergey Lazarev esa You Are The Only One qo‘shig‘i bilan uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Lazarevga bor-yo‘g‘i 4ta davlat: Ozarbayjon, Kipr, Belarus va gretsiyalik hakamlar maksimal 12 ball qo‘yishdi. Hakamlar hay'ati ballari e'lon qilingach, Lazarev beshinchi o‘rinni band etdi. Tomoshabinlar bergan ovozlar bo‘yicha u eng yuqori natijani ko‘rsatdi, ammo professional hakamlar ballari hisobga olinganda, u uchinchi o‘ringa joylashdi.