Salvador hukumati Braziliyaning yangi hukumatini tan olishdan bosh tortdi va o‘zining bu mamlakatdagi elchisini chaqirtirib oldi. Bu haqda mamlakat prezidenti Sanches Seren ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.
"Biz Braziliyaning vaqtinchalik hukumatini tan olmaslikka qaror qildik va elchimizdan ortga qaytishini so‘radik", deb aytdi prezident.
Salvador tashqi ishlar vazirligida Dilma Russeffning Braziliya prezidenti lavozimidan vaqtinchalik chetlatilishi "siyosiy manipulyatsiyaning aniq alomatlariga ega ekanligi va davlat to‘ntaruvi sxemasi bo‘yicha amalga oshirilgani" aytildi.
Avvalroq Venesuela ham Braziliyadan o‘z elchisini chaqirtirib olgandi.