"Bavariya"ning polshalik hujumchisi Robert Levandovski Germaniya chempionatining so‘nggi turida "Gannover"ga qarshi uchrashuvda gol urdi. Uchrashuv myunxenliklarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Polsha terma jamoasi o‘yinchisi uchun bu gol joriy mavsumda Bundesligadagi 30-gol bo‘ldi. Shu tariqa, futbolchi Germaniya chempionatida bir mavsumda 30 ta gol ura olgan birinchi xorijlik o‘yinchi bo‘ldi. 27 yoshli futbolchi bu borada 2011/2012 yillardagi mavsumda 29 ta gol urgan "Shalke"ning futbolchisi Klas-Yan Xuntelardan o‘tib ketdi.
Bungacha Bundesligada 30 ta golni oxirgi marta 1976/1977 yillardagi mavsumda Diter Myuller kiritgandi.
Levandovski, shuningdek, joriy chempionatning to‘purari bo‘ldi, u 32 ta o‘yinda raqiblar darvozasiga 30 ta gol urdi. Polyak shu tariqa o‘z faoliyatida bunday muvaffaqiyatga ikkinchi marotaba erishdi: futbolchi 2013/2014 yillarda 20 ta gol urib, chempionat to‘purariga aylangandi.
To‘purarlar bahsida 2-o‘rinni "Borussiya" futbolchisi Per-Emerik Obameyyang (31 ta o‘yinda 25 ta gol), 3-o‘rinni "Bavariya"ning yana bir vakili Tomas Myuller (31 ta o‘yinda 20 ta gol) egalladi.
"Borussiya"ning (Dortmund) yana bir o‘yinchisi Genrix Mxitaryan 15 ta golli uzatma bilan eng yaxshi assistent bo‘ldi.