Ispaniya hukumati Sesenya va Valdemoro munitsipalitetlarida istiqomat qiluvchi o‘n minglab aholini ko‘chirishga qaror qildi. Bunga, aholi turarjoylari o‘rtasida joylashgan yirik ishlatilgan avtomobil shinalari uyumida vujudga kelgan yong‘in sabab bo‘lgan. U yerda 100 mingdan ortiq shina to‘plangani xabar qilinmoqda.
Rasmiy ma'lumotlarga binoan, yong‘in natijasida hech kim jabrlanmagan, biroq hudud ustida paydo bo‘layotgan zaharli tutun bulutlarini shamol atrofga tarqatmoqda.
Ayni vaqtda yong‘in sabablari o‘rganilmoqda, ekspertlar shinalar uyumiga qasddan o‘t qo‘yilganini ham inkor etishmayapti. Chunki, bir necha kun avval, mintaqada yomg‘irli ob-havo hukm surgan.
Voqea joyida o‘t o‘chirish bo‘linmalari va vertolyotlar yordamida yong‘inni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Mahalliy hukumat vakillarining aytishlaricha, buning uchun bir necha kun talab etiladi.
Shifokorlarning tashqariga chiqmaslik to‘g‘risidagi tavsiyalariga qaramay, hududda yashovchi aholi vakillari sayrga chiqib, turli suratlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish bilan bandlar.