AQSh Qurolli kuchlari rasmiylari, IShID o‘z poytaxti deb e'lon qilgan Suriyaning Raqqa shahri qurshovda qolgani to‘g‘risida yangiliklarni intizorlik bilan kutmoqda.
"Biz Raqqada, qanday mohiyatga ega bo‘lishidan qat'i nazar, favqulodda holat e'lon qilinganining guvohi bo‘lmoqdamiz," - degan IShIDga qarshi AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya matbuot kotibi Stiv Uoren. - "O‘ylaymizki, dushman o‘zini xavf ostida sezmoqda, shunday bo‘lishi kerak edi".
OAV axborotlariga ko‘ra, IShID o‘z jangchilarini shahar bo‘ylab qayta joylashtirmoqda va ehtimoliy havo zarbalari hamda yerusti hujumlari nishoni bo‘lishi mumkin bo‘lgan obektlarini niqoblar bilan to‘sa boshlagan.
"Ular Suriya demokratik kuchlari, Suriya arab koalitsiyasi Sharq va G‘arb tomon haraqatlanayotganiga guvoh bo‘lishmoqda", - deb ta'kidlagan Uoren. "Ushbu ikki mintaqalar tobora xavfsiz bo‘lib bormoqda, endilikda Suriya Demokratik kuchlari mazkur yerlarda o‘z harbiy qudratini mustahkamlashi mumkin".
Shunga ko‘ra, Uorenning taxmin qilishicha, IShID jangchilari nafaqat shahar ichkarisida, balki tashqarisida ham ko‘chirilayotgan bo‘lishi mumkin.
Garchi AQSh rasmiylari IShID yetakchisi Abu Bakr Bag‘dodiyning Raqqada ekani yoki yo‘qligi xususida aniq bir ma'lumot bermagan bo‘lsada, boshqa rasmiy manbalar uning hamon shaharda ishlayotganini gumon qilmoqda. Umuman olganda, maxsus xizmatlar Bag‘dodiyning qayerdaligiga oydinlik kirituvchi har qanday ma'lumotni o‘rganib chiqmoqda.
AQSh qo‘mondonligi rasmiy vakilining CNN telekanaliga aytishicha, mabodo Bag‘dodiy topilgan, ushlangan yoki o‘ldirilgan taqdirda ham AQSh harbiylari IShIDga qarshi harbiy amaliyotlarini to‘xtatmaydi, chunki Bag‘dodiy o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan boshqa yetakchilari ham bor.