Turkiyaning Diyorbakir shahri yaqinidagi portlashda 17 kishi jarohat oldi

Jahon 07:17 / 13.05.2016 4585

Turkiyaning sharqidagi Diyorbakir shahri yaqinidagi Sariqamishda sodir bo‘lgan portlashda 4 nafar jangari halok bo‘ldi, yana 17 kishi jarohat oldi. Bu haqda Turkiya ichki ishlar vazirligi va maxsus xizmatlardagi manbalarga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar berdi.  

Portlash 12 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:30 da Diyorbakirdan 25 km uzoqlikda joylashgan Sariqamishda sodir etildi. Dastlabki taxminga ko‘ra, Kurdiston ishchi partiyasi jangarilari huquq-tartibot muassasalari xodimlariga hujum qilish uchun furgonga ortayotgan portlovchi modda portlab ketgan.

Ikki nafar jarohatlangan og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Portlash oqibatida 30 ga yaqin uy ziyon ko‘rdi, shahar elektr ta'minotisiz qolib ketdi, deb xabar bermoqda CNN Turk.

10 mayda ham Diyorbakirda minalashtirilgan avtomobil uning yonidan politsiya avtobusi o‘tib ketayotganda portlatilgandi. Oqibatda 3 kishi halok bo‘lgandi, 45 kishi jarohat olgandi. Jarohatlanganlar orasida 15 nafar politsiyachi va nazorat ostida olib ketilayotgan 5 mahbus bo‘lgan. 

Ko‘proq yangiliklar: