Bugun ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan Toshkent ovozi saytida (vot.uz) nashr etilgan «500 ming so‘mga bir oy qanday yashash mumkin?» nomidagi maqola faol ravishda muhokama qilindi.
Unda talaba qiz 10 kun davomida qanday qilib pul tejab yashagani haqida hikoya qiladi.
To‘g‘ri, bir ko‘rishda sarlavha insonni o‘ziga ohangrabodek tortib, maqolaning qiziqarli yangilik sifatida o‘qilishini ta'minlab berishi mumkin. G‘oya juda ham noodatiy tanlangan. Biroq, mazkur material ko‘plab foydalanuvchilarda qarama-qarshi savollar tug‘ilishiga sabab bo‘ldi, blogerlardan biri bu maqola muallifiga jahl bilan munosabat bildirdi.
Birinchi kuni muallif o‘zining kundalik xarajatlarini asosan yeguliklarga sarflaganini qayd etadi. Bundan tashqari, har kuni o‘qishga taksida borish o‘rniga avtobus yoki metroda qatnashga ahd qiladi. Tajribaning ilk kunida 16 ming so‘m xarajat qilgan talaba bu «jasorati» bilan xuddi badavlat oilaning farzandlariga o‘rnak bo‘lgandek tuyuladi.
Bloger Sanjar Said mazkur tajriba oddiy talabaning emas, balki ota-onasi bilan yashaydigan arzanda qizning kundalik tarzi haqida yoritilganini aytib o‘tgan. ("Qanday qilib bir oyda besh yuz ming so‘m sarflab yashab bo‘lmasligi haqida post")
Bloger o‘z maqolasida maqolaga quyidagi izohlarni keltirib o‘tgan: «Ikkinchi kuni chegaradan chiqib ketadi va 27 ming so‘mlik xarajat qiladi (13 ming so‘mga tushlik). Materialni to‘liq o‘qigan odam bilishi mumkinki, muallif o‘z tajribasini muvaffaqiyatli yakunlaganini aytadi. To‘g‘ri bu pulga bir oy yashash mumkin. Faqatgina siz talaba bo‘lsangiz, qarzlaringiz bo‘lmasa va ijarada yashamasangiz. Shuningdek, Susambildagi kabi uy va mashina olish, chet ellarga sayohatga borish orzusida bo‘lmasangiz. Ziqna, xasis, o‘ziyam yemaydigan, boshqalarga ham ulashmaydiganlar ham shu pulga shohlardek yashashi mumkin. Keyin… bu materialni ba'zi rahbarlar o‘qib qolmasin, degan qo‘rquvim bor. Mana, 500 minggayam yashasa bo‘larkanku, deb maoshlarni qisqartirib tashlamasin tag‘in».
Shuningdek, jurnalist maqola muallifiga «Badavlat ota-onasi bilan yashaydigan talaba-jurnalist qanday qilib bir oyda 500 ming sarflab yashashi mumkin», deb o‘zgartirishini taklif qilgan.
Bloger Fozilbek Yusupov ham o‘z blogida o‘z hisoblari orqali "Bir oyga 438 800 so‘mni yetkaza olishi"ni keltirgan postini joylagan. ("Bir oyga 500 ming so‘m yetadimi?!")
Mazkur tajriba ortidan kelib chiqayotgan savollar talaygina. Kimlargadir kuniga 16 ming, 20 ming so‘m sarflash – odatiy hol bo‘lishi mumkin. Biroq «ijara haqini to‘layman», «kam yesam ham pulni tejashim kerak», degan xayolda yurgan ayrim talabalar uchun bu xarajatlar katta ahamiyatga ega.
Shuningdek, bu tajriba tvitter ijtimoiy tarmog‘ida katta aks-sado berdi.
"Shu ham tajribami endi!? Axir belgilangan minimal oyligimiz bor 130240 so‘m, shunga yashab ko‘rmaydimi bizning ekstremal?", "Heh, oyimtillo eksperiment qilganmush. Yarim O‘zbekiston oyiga 500 ming so‘m va undan kamiga yashayaptiku", "Nima deb yozishganini o‘qimadim-u, 500 ming so‘mga 1 oy yashash faxrlanadigan ish emas" va hokazo.
"500 mingga biz bemalol 3 oy yashaymiz, ertalab baliqni qaynatib yeymiz, tushlikda qovurib, kechqurun xey qilib. (Kusto)" qabilidagi betaraf tvitlar ham yozilgan.
Shuningdek, boshqacha fikrdagilar ham bo‘ldi: "Kim nima yozishini va qanday tajriba o‘tkazishini, agar u kimgadir zarar keltirmasa, o‘ziga qo‘yib bergan ma'qul".
Maqola muallifi yangilik kiritib, pul tejash uchun antiqa tajribalarni yo‘lga qo‘yishda ajoyib g‘oyani olg‘a surgani juda yaxshiligi, lekin mavzuni yoritishdan avval puxta izlanib, oddiy talabalar hayoti o‘rganilib, yanada «kamtarroq» va tushunarliroq tajriba o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘lishi haqida fikr bildirganlar bo‘lgan.