Qozog‘iston ichki ishlar vazirligida ikkita musodara qilingan Porsche Cayenne va Mercedes Gelandewagen avtomobillari jamoat tartibini qo‘riqlash va qo‘riqlanuvchi shaxslarga hamrohlik qilishda ishlatilishi ma'lum qilindi. Bu haqda 12 may kuni Tengrinews.kz portali ma'lum qildi.
Vazirlikning ma'lum qilishicha, avtomobillar signal-baland tovush chiqaruvchi qurilmalar bilan jihozlangan. "Mashinalarning texnik holati unga xizmat ko‘rsatish uchun qo‘shimcha mablag‘lar sarflashni talab qilmaydi", deb ta'kidlab o‘tildi IIVda.
Olma-ota ichki ishlar departamentida avtomobillar parkida ikkita qimmatbaho mashina borligi haqidagi masalani 11 may kuni shahar hokimiyati huzuridagi jamoatchilik kengashi ko‘tardi.
"IIDga nima uchun bunday "hashamatli" transport vositalari kerak? Ularni balansdan ushlab turishda qanday ma'no bor, vaholanki shu pullarga, misol uchun, mototsikllar sotib olish mumkin", deb murojaat qildi politsiya rahbariyatiga kengash a'zosi Anna Danilina.
Bundan tashqari, kengash o‘zining Facebook’dagi sahifasida uning vakili Marat Shibutov ichki ishlar departamentidan politsiyachilarga biriktirib qo‘yilgan 25 ta mototsikl qayerga g‘oyib bo‘lganini va shaharda o‘rnatilgan videoqayd qilish kameralaridan nechtasi ishchi holatda ekanligini ma'lum qilishni so‘ragani haqida xabar berdi.
Mahalliy ijroiy organlaridagi jamoatchilik kengashlari Qozog‘istonda yanvardan beri faoliyat yuritishni boshladi.